Avstraliyada xat solingan 100 yillik shisha idish topildi

Bu qiziq

image

Joriy yilning 28 oktyabr kuni Avstraliya sohilida Birinchi jahon urushi davrida askarlar tomonidan yozilgan xatlar solingan shisha idish topildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ichida xatlar bo‘lgan Schweppes ichimligiga oid shisha idishni Braunlar oilasi G‘arbiy Avstraliya shtatidagi Esperans shahri yaqinidagi Uorton-Bich plyajida chiqindilarni tozalash vaqtida topgan.

Qalin shaffof oynadan yasalgan shisha ichida 1916 yil 15 avgust sanasi bilan yozilgan ikkita xat bo‘lgan. Ular 27 yoshli Malkolm Nevill va 37 yoshli Uilyam Xarli tomonidan qalam bilan yozilgan. Ikkalasi ham HMAT A70 Ballarat kemasida xizmat qilgan. Bu kema Birinchi jahon urushi yillarida avstraliyalik harbiylarni Yevropaga tashish uchun ishlatilgan. 12 avgust kuni kema Adelaida shahridan yo‘lga chiqib, Fransiyaga yo‘l olgan. Yangi askarlar 48-avstraliya piyoda batalyoni safiga qo‘shilishi kerak bo‘lgan.

Xat yuborilganidan bir yil o‘tib, Nevill frontda halok bo‘lgan. Xarli esa ikki marta yaralangan, ammo uyiga qaytgan va 1934 yilda Adelaidada saratondan vafot etgan. Uning qarindoshlari bu kasallikni jang maydonlarida ta’sir etgan zaharli gazlar bilan bog‘laydi. Xatda Nevill shishani topgan odamdan uning maktubini onasi Robertina Nevillga, Janubiy Avstraliyadagi Uilkavatta shahriga yetkazishni so‘ragan.

Xat yozilgan paytda askarlar Buyuk Avstraliya qo‘ltig‘ida bo‘lgan. Deb Braunning so‘zlariga ko‘ra, shisha suvda uzoq suzmagan –uni to‘lqinlar tezda qirg‘oqqa chiqarib tashlagan. U  asrdan ortiq vaqt davomida qumtepalarda yotgan, faqat yaqinda suv to‘lqinlari qirg‘oqni yemirganida topilgan.

Shisha ichidagi qog‘oz ho‘l bo‘lganiga qaramay, matn aniq o‘qiladigan holatda saqlanib qolgan. Shu tufayli Deb Braun har ikki askarning oilasi bilan bog‘lana olgan. U shishaning deyarli mukammal saqlanganini, sirtida hech qanday shikastlanishlar yo‘qligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu shishaning uzoq vaqt qum ostida, suv va quyoshdan himoyalangan holda yotganini ko‘rsatadi.

Xarlining nabirasi Enn Terner esa oilasi topilma haqida “mutlaqo hayratda” qolganini aytgan.

“Biz bunga ishonolmayapmiz. Bu haqiqatan ham mo‘’jizaga o‘xshaydi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Adiyaman viloyatida joylashgan Otaturk to‘g‘oni suvlari ostidan 12 ming yillik qoyatosh rasmlari topilgandi. Ushbu tasvirlar kech paleolit yoki ilk neolit davriga oid deb taxmin qilinmoqda. Ularni sakkiz yil avval mahalliy baliqchilar ilk bor ko‘rgan. O‘sha paytda qurg‘oqchilik sabab suv sathi keskin tushib ketgan va qadimiy tosh yuzasi ochilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya Birinchi jahon urushi xat shisha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing