Bangladeshdagi aeroportda katta yong‘in sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
18 Oktabr 3978 2 daqiqa
Bugun, 18 oktyabr kuni Bangladesh poytaxti Dakkadagi Xazrat Shohjalol xalqaro aeroportining yuk terminalida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Prothom Alo” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan tushdan keyin, soat 14:30 atrofida import tovarlari saqlanadigan aeroportning yuk terminalida yong‘in chiqishi ortidan sodir bo‘lgan.
Aeroportning ijrochi direktori Masudul Hasan Masudning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inni o‘chirish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rilmoqda.
Boshqaruvlararo jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabariga ko‘ra, yong‘in Bangladesh fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi, Yong‘in xavfsizligi xizmati va Bangladesh harbiy-havo kuchlarining ikkita yong‘in bo‘linmasi tomonidan qo‘shma harakatlar bilan nazorat ostiga olingan. Yong‘inni bartaraf etishga mamlakat harbiy-dengiz kuchlari ham jalb etilgan.
“The Daily Star” nashrining Dakkadagi aeroportdagi manbalariga ko‘ra, turli aviakompaniyalarning kamida beshta reysi boshqa yo‘nalishga – Chattogramdagi Shoh Amanat va Silhetdagi Osmoni aeroportlariga yo‘naltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shtatidagi LaGuardia aeroportida Roanok shahriga jo‘nab ketayotgan samolyot qanoti Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahridan kelgan samolyotning fyuzelyaji bilan to‘satdan to‘qnashib ketgan edi. Roanok shahriga ketayotgan samolyot bortida 35 kishi, Sharlott shahridan kelgan samolyot bortida esa 61 kishi bo‘lgan. Nyu-York va Nyu-Jersi aeroport ma’muriyatining bayonotiga ko‘ra, jarohat olgan shaxs shifoxonaga yotqizilgan.
Live
Barchasi