1 yoshli go‘dakdan 86 yoshli bobogacha. Xomanaiy oilasining intihosi

Tahlil

2026 yilning 28 fevral sanasi Yaqin Sharq va butun dunyo siyosiy muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborgan kun sifatida tarixga kirdi. Isroil va AQSH harbiy havo kuchlarining xalqaro huquq normalariga zid ravishda “Yehuda qalqoni” deb atalgan keng ko‘lamli havo hujumlari oqibatida Eronning 1989-yildan buyon o‘zgarmas rahbari bo‘lib kelgan Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning oila a’zolarining katta qismi vafot etdi. Ushbu voqea nafaqat bir sulolaning ildiziga bolta urilish, balki mintaqadagi o‘n yilliklar davomida shakllangan geosiyosiy muvozanatning parchalanishini anglatadi.

“Barcha eronliklar uchun bunker bersangizgina ko‘chaman”

Oyatulloh Xomanaiyning hayoti va o‘limi o‘rtasidagi so‘nggi parda haqida uning Hindistondagi vakili, doktor Abdul Majid Hakim Ilohiy o‘ta ta’sirli va muhim ma’lumotlarni ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahnamo o‘z hayotini xalqidan ustun qo‘ymagan. Bu mardona qaror oqibatida u o‘z ish joyida qolgan va 28 fevral tongida ro‘za og‘iz holdagi Xomanaiy ofisiga Netanyaxu rejimi va Amerika samolyotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bergan.

“Oyatulloh Xomanaiy o‘z ofisida edi. Xavfsizlik xizmati xatar yaqinligini anglab, bir necha bor undan ofisidan xavfsizroq bo‘lgan boshqa shaharga ko‘chib o‘tishni so‘radi. Lekin u keskin rad javobini berdi. U: “Agar siz 90 million eronlikni boshqa shaharga ko‘chira olsangiz, men shundan keyin ko‘chib o‘taman”, dedi. Shunda unga: “Hech bo‘lmasa xavfsiz bo‘lishi uchun bunkerga tushing”, deb iltimos qilishdi. U esa: “Agar siz barcha eronliklar uchun bunker qurib bera olsangiz, men ham tushaman”, deb javob berdi...”

Ali Xomanaiy oilasining intihosi

Zarba berilgan vaqtda qarorgohda bo‘lganlar faqatgina Oliy rahnamo va uning rafiqasi emas edi. Xomanaiyning ikki qizidan biri – Bushra Xomanaiyning farzandi, Oliy liderning nabirasi Muhammadiy Gulpaygoni, kelini Zahro Haddod Odil, kuyovi va jiyanlari ham vayronalar ostida qolgan. Bu holat Xomanaiy oilasining nafaqat siyosiy, balki biologik davomchilariga ham katta zarba bo‘ldi. Doktor Abdul Majid Hakim Ilohiyning ta’kidlashicha, qarorgoh o‘sha kuni davlat ofisi bo‘lish bilan bir qatorda, balki oila a’zolari jam bo‘lgan xonadon vazifasini ham o‘tayotgan edi.

Hujum oqibatida Tehron shimolidagi qarorgoh butunlay vayron bo‘ldi. Eron davlat nashrlari va xalqaro agentliklar halok bo‘lganlar ro‘yxatini quyidagicha tasdiqlamoqda:

Ali Xomanaiy – Oliy Rahnamo

Uzoq yillik yetakchi 86 yoshida o‘z ish stolida halok bo‘ldi. AQSH va Isroil razvedkalari sun’iy yo‘ldosh orqali uning aynan shu xonada ekanligini tasdiqlaganidan so‘ng, nishon aniq urilgan. 

Ali Xomanaiy 1989 yilda Oyatulloh Humayniy vafotidan so‘ng hokimiyatga kelgan edi. U nafaqat Eronning diniy rahbari, balki qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni va mamlakatning strategik yo‘nalishini belgilovchi mutlaq kuch edi. 

Mansura Xo‘jasta Bag‘irzoda – rafiqasi

Rahnamoning 79 yoshli rafiqasi Mansura Bag‘irzoda hujum paytida og‘ir jarohatlangan edi. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, 2026 yil 2 mart kuni u vafot etdi. Bag‘irzoda Mashhadda dindor oilada tug‘ilgan. Uning otasi Mashhaddagi mashhur tadbirkor Muhammad Ismoil Xo‘jasta Bag‘irzoda edi. Xomanaiyni u bilan onasi Xadicha Mirdamadi tanishtirgan. 1964 yilda Bag‘irzoda 17 yoshida Xomanaiyga turmushga chiqqan. 

Zahro Haddod Odil – kelini

Tehron shahar kengashi a’zosi Meysam Muzaffar va IRIB telekanali xabariga ko‘ra, Xomanaiyning kelini Zahro ham o‘sha vaqtda qarorgohda bo‘lgan. U kuchli portlash to‘lqini oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan. Zahro Haddod Odil Oliy rahbarning ruhoniy va siyosiy doiralardagi ta’siri bilan tanilgan o‘g‘illaridan biri Mujtabo Xomanaiyning turmush o‘rtog‘i edi.

Bu xabar qilingan o‘limlar Xomanaiyning kuyovi va nabirasi kabi bir nechta oila a’zolari ham bombardimonda halok bo‘lganligi haqidagi da’volarni yanada kuchaytiradi.

Zahro Muhammadiy Gulpaygoni – 14 oylik nabira

Ushbu hujumning eng fojiali qismi – vayronalar ostidan Ali Xomanaiyning 14 oylik nabirasi, to‘ng‘ich qizi Bushroning farzandi Zahro Muhammadiy Gulpygonining jasadi topilganidir. “Reuters” va “Associated Press” agentliklari ushbu ma’lumotni tarqatib, voqeaning insoniy fojia ekanligini butun dunyoga ko‘rsatdi. Xomanaiyning rasmiy sahifasida ham bu ma’lumot tasdiqlandi.

 “Islom inqilobi shahid rahbarining yosh nabirasi, u bilan birga shahidlik sharafiga muyassar bo‘lgan”, deyiladi unda.

Isroil va AQSH kuchlari tomonidan o‘ldirilgan 1 yosh-u 2 oylik norasidaning ota tarafdan bobosi Eron Oliy lideri Devonining rahbari Muhammad Javod Gulpaygoni hisoblanadi. Xomanaiyning 83 yoshli qudasi bu lavozimda Eron Oliy lideri 1989 yilda hokimiyatga kelgandan beri ishlaydi.

Kuyovi va jiyanlari

Doktor Abdul Majid Hakim Ilohiyning so‘zlariga ko‘ra, hujumda rahnamoning kuyovi hamda ayrim jiyanlari ham vafot etgan. Bu esa oilaning deyarli barcha a’zolari bir vaqtning o‘zida nishonga olinganini anglatadi. 

Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning oilasining halok bo‘lishi Yaqin Sharqda “yangi tartib” o‘rnatilishi yo‘lidagi eng keskin burilish bo‘ldi. Eron ichida 40 kunlik motam e’lon qilingan bo‘lsa-da, mamlakat hozirda jiddiy siyosiy va harbiy bo‘shliqni boshdan kechirmoqda. Ushbu operatsiya nafaqat Eron rahbariyatini jismonan yo‘q qilish bilan birga mintaqadagi qarshilik ko‘rsatish o‘qining markaziy ustunini qulatdi. Kelajakda bu voqea Eronda g‘arbga moyil bo‘lgan demokratik o‘zgarishlarga yo‘l ochadimi yoki mintaqaviy “katta urush”ni boshlab beradimi – buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bir narsa aniq: 2026 yil 28 fevraldan keyin Yaqin Sharq endi avvalgidek bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaqin Sharq bunker Ali Xomanaiy eronliklar siyosiy muvozanat Oliy Rahnamo Zahro Haddod Odil Mansura Xo'jasta Bag'irzoda Zahro Muhammadiy Gulpaygoni Kuyovi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing