Bishkekda Putin kelishi oldidan Ukraina elchixonasi “yashirib qo‘yildi”
Olam
−
28 noyabr 6897 2 daqiqa
Bishkekda Ukraina elchixonasi binosi va uning to‘g‘risidagi ko‘cha orqasida joylashgan Qirg‘iziston Prezidenti rezidensiyasi o‘rtasiga ulkan LED-ekran o‘rnatildi. Bu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning kecha, 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida qatnashish uchun kelishi oldidan amalga oshirildi.
20 noyabr kuni jurnalist Grigoriy Pirlik Telegram-kanalida ekran haqida xabar bergan. U e’lon qilgan suratlarga ko‘ra, bir necha qavatli binoga teng balandlikdagi inshoot shunday joylashtirilgani aks etganki, “Intimak Ordo” Prezident va hukumatning yangi rezidensiyasi tomondan ekranni to‘liq ko‘rishga devor to‘sqinlik qiladi. Biroq ekran Ukraina elchixonasidagi bayroqni berkitib qo‘yadi.

Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, ulkan LED-ekran “hukumat videomateriallarini namoyish qilish va rasmiy tadbirlarni vizual kuzatish uchun” o‘rnatilgan. Bir qator OAVlar konstruksiya Putin tashrifi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchixonasining maslahatchisi Denis Avtonomov esa bu vaziyatda: “Sabab-oqibat bog‘liqligi ayon”, deya izoh bilan cheklandi.
Siyosiy tahlilchi Turat Akimov “Azattik” radiosiga ma’lum qilishicha, bu holat FSO – Putinni qo‘riqlovchi maxsus xizmat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, rossiyalik xavfsizlik xodimlari odatda tadbirdan o‘n kun oldin kelib, butun hududni tekshirib chiqadi. Ular Ukraina elchixonasidan Putinga tahdid bo‘lishi mumkin deb hisoblagan bo‘lishi mumkin va Qirg‘iziston tomoni ushbu “xavf”ni bartaraf etishi kerak bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Vladimir Putin 24 noyabr kuni Bishkekka yetib keldi, ertasi kuni Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Kecha, 27 noyabrda esa “Intimak Ordo”da bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng, Putin Qirg‘izistondagi safarini yakunlab, Rossiyaga qaytib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 noyabr kuni Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bo‘yicha matbuot anjumanida Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqqachgina jangovar harakatlar butunlay to‘xatilishini aytgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr