Biz kurashdik va Ukrainani saqlab qoldik – Zelenskiy bunkerdan xalqqa murojaat qildi
Olam
−
24 fevral 11042 3 daqiqa
Bugun, 24 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan boshlangan keng ko‘lamli urushning to‘rt yilligi munosabati bilan xalqqa videomurojaat yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Zelenskiy nutqi davomida urushning ilk kunlari, xalqning tanlovi, og‘ir yo‘qotishlar va tinchlik masalasi haqida ko‘plab bayonotlar bergan. Prezident dastlab ushbu tarixiy sanani eslagan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha kunlarda ko‘pchilik Ukraina tez taslim bo‘ladi, deb o‘ylagan. Ammo ukrainaliklar boshqacha yo‘lni tanlagan.
“Bugun Putin Kiyevni uch kunda egallab olishni va’da qilganiga to‘rt yil to‘ldi. Bizning hozirgi holatimiz Ukraina shu vaqt davomida qanday kurashgani haqida ko‘p narsadan darak beradi. Bu yutuqlarimiz ortida ulkan jasorat, mashaqqatli mehnat, sabr-toqat va 2022 yilning 24 fevralidan buyon bosib o‘tilgan katta yo‘l turibdi”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbari urush boshida xalqning ruhiy holati haqida ham gapirgan.
“Biz hammamiz insonmiz va o‘sha vaqtda har birimiz qo‘rquv va kuchli og‘riqni his qildik. Ana shunday murakkab holatda barchamiz boshqa Ukrainamiz yo‘qligini tushundik”, deydi u.
Zelenskiy 2022 yilda o‘ziga mamlakatni tark etish taklif qilinganini yana bir bor eslatgan.
“Menga bu vaqtda zarur harbiy qurollar kerak edi. Davlatimni qiyin ahvolda tashlab ketish haqida esa o‘ylaganim yo‘q. Men Rossiya armiyasining harakatlarini keskin qoralayman. Haqiqiy insonlar bunday yo‘l tutishmaydi”, deydi davlat rahbari.
Prezident Rossiyaning hujumlarini “suveren davlatga qarshi tajovuz” deb atagan.
“Bu shunchaki oddiy urush emas – bu “aqlsiz” davlatning suveren davlatga hujumi. Putinning bu qarorini hech qanday sabablar bilan oqlab bo‘lmaydi”, deydi u.
Zelenskiy Ukrainaning qarshiligi va matonati haqida alohida to‘xtalgan.
“Ukrainani mag‘lub etishning imkoni yo‘q. Biz qat’iy ravishda qarshilik ko‘rsatamiz va kurashishda davom etamiz. Ukraina nafaqat zarbalarga turib bera oldi, balki qarshi hujum ham qildi. Biz uzoq yo‘lni bosib o‘tdik. Oddiy jiletlardan tortib, millionlab dronlar ishlab chiqaradigan davrga yetdik”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbari Rossiya bosimi davom etayotganini ta’kidlar ekan, o‘z navbatida tinchlik masalasiga ham to‘xtalgan.
“Putin Ukrainani jang maydonida mag‘lub eta olmasligini tushunadi. Albatta, barchamiz urushning tugashini xohlaymiz. Lekin hech kim Ukrainaning taslim bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz tinchlik tarafdorimiz. Muzokaralarda ham Ukraina manfaatlarini o‘ylagan holda kuchli va adolatli qarorlari qabul qilinishi lozim”, deydi u.
So‘zining oxirida Ukraina rahbari xalqiga murojaat qilgan.
“Men sizlar bilan faxrlanaman. Har biringizga aholida hurmatimni izhor qilaman. Biz kurashdik va Ukrainani saqlab qoldik. Birligimiz va qat’iyatimiz bilan g‘alabaga erishamiz. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin”, deydi Vladimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Jenevada Rossiya delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan ikki kunlik muzokaralar natijalarini yetarli emas deb baholagandi.
Live
Barchasi