BMT so‘nggi uch yil ichida Ukrainaga oid ilk rezolyutsiyani qabul qildi
Olam
−
25 fevral 5518 3 daqiqa
BMT Xavfsizlik kengashi AQSH tomonidan taklif qilingan “Tinchlik yo‘li” rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Unga Kengashning 10 a’zosi ovoz berdi, besh nafari esa betaraf qoldi. Majlis translyatsiyasi BMT veb-saytida olib borildi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan kengash a’zolariga samimiy minnatdorchilik bildiradi va Ukrainadagi uch yillik mojarodan so‘ng Kengash tomonidan qabul qilingan ilk rezolyutsiyani olqishlaydi. U mojaroga barham berishga qat’iy chaqiradi”, dedi AQSHning BMTdagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Doroti Shi ovoz berishdan keyin.
Xavfsizlik kengashidagi ovoz berish BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ikki rezolyutsiya qabul qilingandan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tgan. Ulardan birini Ukraina va Yevropa davlatlari taklif qilgan (u o‘zgartirishlarsiz qabul qilingan), ikkinchisini esa AQSH (Albania, Argentina, Vengriya, Gruziya, Isroil va Shimoliy Makedoniya ham qo‘shilgan) ilgari surgan bo‘lib, unga uchta tuzatish kiritilgan.
AQSH Xavfsizlik Kengashida aynan Bosh Assambleyaga taqdim etilgan hujjatni ovozga qo‘ygan. Ushbu bir sahifalik loyiha uch banddan iborat bo‘lib, ularda quyidagilar bayon etilgan:
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda halok bo‘lganlar uchun chuqur hamdardlik bildirish;
BMTning asosiy maqsadi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishdan iborat ekanini ta’kidlash;
Mojaroni zudlik bilan to‘xtatishga qat’iy chaqirish hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasida barqaror tinchlik o‘rnatishga da’vat etish.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili ushbu rezolyutsiyani “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” deb atagan.
“AQSH tomonidan Ukraina inqirozi bo‘yicha taklif etilgan rezolyutsiya loyihasini biz umuman olganda oqilona tashabbus, tinch yo‘l bilan hal qilishga real hissa qo‘shish istagini aks ettiruvchi to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam sifatida baholaymiz”, dedi u.
Mazkur majlisda Rossiya ikkita tuzatish kiritishni taklif qildi. Ulardan biri avval Bosh Assambleyaga taqdim etilgan bo‘lib, “mojaroni zudlik bilan to‘xtatish” iborasiga “shu jumladan, uning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali” jumlasini qo‘shish edi. Ikkinchi tuzatish esa “Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro” jumlasini “Ukraina atrofidagi mojaro” bilan almashtirishni nazarda tutgan.
Yevropa davlatlari ham Bosh Assambleyada ilgari surgan tuzatishlarini Xavfsizlik kengashida taqdim etdi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
“Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi mojaro” iborasini “Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga to‘liq bosqini” deb o‘zgartirish;
A’zolarni “Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari, jumladan, uning hududiy suvlari doirasidagi suvereniteti, mustaqilligi, birlik va hududiy yaxlitligiga sodiqligini” tasdiqlovchi bandni kiritish;
“Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida barqaror tinchlik” iborasini “BMT Nizomi va davlatlarning suveren tengligi hamda hududiy yaxlitligi tamoyillariga muvofiq adolatli, barqaror va keng qamrovli tinchlik” iborasi bilan almashtirish.
Biroq beshta tuzatishning hech biri qabul qilinmadi va natijada Xavfsizlik kengashi AQSH tomonidan taklif qilingan dastlabki loyihaga ovoz berdi. Yevropa davlatlari ovoz berish vaqtida betaraf pozitsiyada qoldi.

Har ikkala variantga BMTga a’zo 193 mamlakatdan 93 tasi ovoz bergan. AQSH va Rossiya Yevropa rezolyutsiyasiga qarshi chiqqan 18 davlat qatorida bo‘lib, ular orasida KXDR, Belarus, Vengriya va Isroil ham bor edi. Xitoy ham jumladan 65 davlat betaraf qoldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, AQSH o‘z rezolyutsiyasi bo‘yicha ham ovoz berish vaqtida betaraf pozitsiyada qoldi, bunga Yevropa davlatlarining matnga kiritgan o‘zgartirishlari sabab bo‘ldi. AQSH varianti bo‘yicha sakkiz davlat qarshi chiqdi, 73 davlat esa betaraf qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-raundini rasman qabul qilgan edi. Yangi paket Rossiya iqtisodiyotining energetika, savdo, transport, infratuzilma va moliyaviy xizmatlar kabi asosiy tarmoqlariga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, sanksiyalardan qochish va Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashni kuchaytiradi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr