BMT ehtiyoj ortganiga qaramay, yordam so‘rovini qisqartirdi

Olam

image

Bugun, 8 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti global gumanitar ehtiyojlar misli ko‘rilmagan darajada oshgan bir paytda, yordam mablag‘lari keskin kamayganini ma’lum qildi. Shu sababli BMT bu yil kutganidan ancha kam – 2026 yil uchun 23 milliard dollarlik gumanitar yordam byudjetini so‘rash bilan kifoyalandi. Bu yil boshida Trampning gumanitar yordamlarni keskin qisqartirish qarori bilan uzviy bog‘liq. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, BMTning 23 milliard dollarlik murojaati shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan o‘n millionlab odamlarga yordam berishni to‘xtatib qo‘yadi, chunki qo‘llab-quvvatlashning pasayishi uni faqat eng og‘ir ahvoldagilarni birinchi o‘ringa qo‘yishga majbur qilmoqda.

“Qisqartirishlar bizni og‘ir, qattiq va shafqatsiz tanlovlarga majbur qilmoqda. Biz haddan tashqari bosimdamiz, yetarli moliyalashtirilmayapmiz va doimiy hujum ostidamiz. Biz go‘yo olov sari ketayotgan tez yordam mashinasimiz, lekin bakda yoqilg‘i tugayapti va bizni nishonga olishmoqda”, deydi BMTning gumanitar yordam bo‘yicha rahbari Tom Fletcher.

Bir yil avval BMT 2025 yil uchun qariyb 47 milliard dollar so‘ragan edi. Biroq bu ko‘rsatkich keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp hamda Germaniya kabi yirik donorlarning yordamni sezilarli qisqartirishidan so‘ng kamaytirildi.

Noyabrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, BMT hozirgacha bor-yo‘g‘i 12 milliard dollar olgan. Bu so‘nggi 10 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy ehtiyojning atigi chorak qismini qoplaydi.

2026 yilgi reja bo‘yicha hayoti xavf ostida qolgan 87 million kishi ustuvor toifa sifatida belgilangan. Ammo yana qariyb 250 milliondan ortiq inson shoshilinch yordamga muhtoj. Agar imkon bo‘lsa, BMT 33 milliard dollar evaziga 135 million kishiga yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.

2026 yil uchun umumiy so‘rovning 4 milliard dollari Falastin hududlariga, asosan ikki yillik urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektoriga yo‘naltiriladi. G‘azoda deyarli barcha 2,3 million aholi boshpanasiz qolgan va yordamga muhtoj. Ikkinchi eng yirik yordam paketi Sudanga, uchinchisi esa Suriya aholisiga mo‘ljallangan.

Fletcherga ko‘ra, gumanitar tashkilotlar hozir “ocharchilik kuchayishi, kasalliklar tarqalishi va zo‘ravonliklarning o‘sib borishi bilan juda qo‘rqinchli ssenariy”ga yuz tutmoqda. Yordam dasturlari ayniqsa urushlar, iqlimiy ofatlar, zilzilalar, epidemiyalar va hosil yetishmovchiligi ta’sir qilayotgan hududlarda inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, BMT gumanitar agentliklari asosan G‘arb donorlarining ixtiyoriy badallariga tayanadi. Qo‘shma Shtatlar tarixan eng katta donor bo‘lib qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Tramp ma’muriyatining qisqartirishlariga qaramay, AQSH birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Biroq uning ulushi umumiy yordamning uchdan bir qismidan 15,6 foizgacha qisqargan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Davlat departamenti byudjetini ikki baravarga qisqartirishni, diplomatlar va elchixonalar sonini, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va NATOni moliyalashtirishni kamaytirayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet Tramp BMT 2026 yilgi reja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing