BMW urib ketishi ortidan vafot etgan YPX xodimi so‘nggi manzilga kuzatildi

Olam

image

Bugun, 28 fevral kuni 10-sinf o‘quvchisi BMW’da urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan Yo‘l-patrul xizmati xodimi kichik serjant Xosilbek Eshnazarov so‘nggi manzilga kuzatildi. Bu haqda Ichki ishkar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.

U joriy yilning 25 fevral kuni poytaxtning Mirobod tumani Nukus ko‘chasida begona transport vositasini olib qochib, yuqori tezlikda harakatlanayotgan voyaga yetmagan qonunbuzarning yo‘lini to‘sib, o‘z jonini ayamagan holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatning oldini olgan.

Qahramonlarcha harakat qilgan xodim og‘ir tan jarohatlari olgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam va mutaxassislarning harakatlariga qaramasdan, Xosilbek shifoxonada vafot etgan.

“Oilaning kenja farzandi, ota-onasining suyangan tog‘i, ikki qiz va bir o‘g‘ilning ishongan qalqoni, rafiqasining sevimli turmush o‘rtog‘i endigina 33 bahorni qarshi olayotgandi”, deydi IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov.

Sodir bo‘lgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

“Qahramon xodim, xizmatdoshlari hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan so‘nggi manzilga kuzatilib, oilasi davlat muhofazasiga olinadi. Xosilbekning ko‘rsatgan jasorati esa Ichki ishlar vazirligi shaxsiy tarkibi, safdoshlari hamda u xizmat qilgan xalq qalbida mangu yashaydi. Ona-yurt o‘z qahramon farzandini hech qachon unutmaydi”, deydi G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMW YPX xodimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing