“Borib o‘z bulbuling bilan o‘yna”. Bobur Bekmurodov Solovyovga keskin javob qaytardi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyalik mashhur teleboshlovchi, Kremlga yaqin asosiy propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgani haqida xabar berilgandi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, uning gaplarini “safsata” o‘zini esa “nusxa” deb atadi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, deydi Bekmurodov.

Shuningdek, u Kreml fantast-jurnalisti Vladimir Solovyovning navbatdagi efirda Markaziy Osiyoda “maxsus operatsiyalar” o‘tkazish haqidagi gaplarini safsata deb atagan.

“Xalqaro huquqqa “tupurishni” taklif qilgan bu nusxa, mintaqamizni o‘zining imperiyacha doktrinalariga kiritishni taklif qilibdi. Zamon o‘zgardi. Xalqlar taqdiri telestudiyalardagi baqir-chaqirlar yoki “katta og‘alar”ning ko‘rsatmasi bilan hal qilinadigan davrlar tarix axlatxonasiga ketganiga ancha bo‘ldi. Sarhadlarimiz – bizning or-nomusimiz. Mustaqilligimizga bo‘lgan har qanday tahdid “itoatkorlik” bilan emas, millatimizning birdamlikdagi qat’iy zarbasi bilan qarshi olinadi. Bunday provokatsiyalar faqat va faqat qo‘shnilarni dushmanga aylantiradi.  Bizda o‘z uyimizni himoya qilish uchun iroda ham, resurs ham, jasorat ham yetarli!” deydi Bobur Bekmurodov.

Qayd etish joiz, Bobur Bekmurodov Rossiyadagi millatchilik g‘oyalariga va turli provakatsion bayonotlarga qarshi dadil chiqishlar qiladigan o‘zbekistonlik sanoqli siyosatchilardan biri hisoblanadi. U oldinroq Rossiyada tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar bolasi maktabda vahshiylarcha 15 yashar o‘quvchi tomonidan o‘ldirilishiga ham munosabat bildirib, bu holatni “mamlakatda uzoq yillardan buyon olib borilayotgan antimigrant siyosatining mevasi”, deb atagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Markaziy Osiyo Bobur Bekmurodov ladimir Solov'yov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing