Bojxona posti rahbari 5 ming dollar pora olayotganda ushlandi (video)
3-sahifa
−
10 yanvar 7742 2 daqiqa
Farg‘onada 80 dona telefonni hech qanday tekshiruv va bojxona to‘lovlarisiz chegaradan o‘tkazib yuborish evaziga 5000 dollar talab qilgan bojxona posti rahbari ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlaridan birining rahbari muqaddam bir necha bor chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan shaxsga Qirg‘izistondan uyali aloqa telefonlarini olib o‘tsa, katta foyda ko‘rishi mumkinligini aytib, moddiy manfaatdorlik evaziga ko‘maklashishini bildirgan.
Shundan so‘ng, fuqaroning Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasiga yo‘llagan murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni davlatdan ikki dona yuk avtomashinasida mamlakat ichkarisiga olib kirilgan 80 dona uyali aloqa telefonlarini hech qanday tekshiruv va bojxona to‘lovlarisiz o‘tkazib yuborish evaziga sudlanuvchi tovar egasidan 5000 dollar hamda noqonuniy tovar sifatida olib o‘tilayotgan telefonlardan birini “sovg‘a” sifatida talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u Farg‘ona tumanining “Mindanobod” mahallasi hududida fuqarodan talab qilingan pul mablag‘lari hamda telefon apparatini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sudlanuvchi ushbu modda bilan 3 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida pora bilan ushlangan profilaktika inspektoriga 3 yil 11 oy 1 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Live
Barchasi