Farg‘onada mashina bakiga 11 kg narkotikni yashirgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
06 yanvar 3061 2 daqiqa
Farg‘onada 11 kilogrammdan ziyod narkotik moddalarni avtomashinaning yoqilg‘i bakida yashirincha olib kirishga urinish fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “Ravot” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda aniqlangan navbatdagi holatda qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Bojxona nazoratining texnik vositalari ko‘magida o‘tkazilgan ko‘rik davomida avtotransport vositasining yoqilg‘i bakiga shubhali jismlar yashirilgani aniqlangan. Shundan so‘ng belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu bak ochib ko‘rilganida, uning ichiga 6945 dona “Royal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 3 turdagi giyohvandlik vositalari yashirilgani fosh bo‘lgan.

Jumladan, 10 kg 739 gr “gashish”, 412 gr “marixuana” va 35 gr “opiy” – jami 11 kg 186 grammga teng giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, haydovchi tojikistonlik shaxsning buyurtmasiga binoan 2 ming AQSH dollari evaziga mazkur giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralaridan olib o‘tishi va o‘z uyidagi boqqa ko‘mib qo‘yishi, keyinchalik tojikistonlik shaxsning o‘zi ushbu narkotik moddalarni olib ketishi rejalashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yil davomida 1,8 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, shu jumladan sintetik narkotik moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 1,8 barobarga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida Tojikistondan keltirilgan jami 32 kilogramm narkotik modda ushlab qolingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi