Braziliyada 13 yoshli o‘quvchi maktabda otishma uyushtirdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 6 may kuni Braziliyaning shimoliy qismidagi Akri shtatida 13 yoshli o‘quvchi maktabda sodir etgan otishma oqibatida ikki ayol halok bo‘ldi, yana ikki kishi jarohat oldi. Jarohatlanganlar orasida voyaga yetmagan o‘quvchi ham bor. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Shtat hukumati bayonotiga ko‘ra, 13 yoshli o‘quvchi hujumni Avliyo Iosif institutiga qarashli davlat maktabida amalga oshirganini tan olgan.

Halok bo‘lganlar maktabning ikki nafar ayol xodimi bo‘lib, ular voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir xodim va bir o‘quvchi o‘q tegishi oqibatida jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiylar qurbonlarning shaxsini oshkor qilmagan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi hibsga olingan va u hujum qilishda qonuniy vakilga tegishli bo‘lgan quroldan foydalangan. Qurol o‘smirning o‘gay otasiga tegishli bo‘lgan va u ham tergov doirasida hibsga olingan.

Braziliyada so‘nggi yillarda maktablarda sodir bo‘lgan yana bir nechta qurolli hujumlar qayd etilgan. O‘tgan yili Seara shtatida maktabdagi otishma oqibatida ikki o‘smir halok bo‘lgan. 2022 yilda esa, shu shtatda yana bir otishma sodir bo‘lib, o‘smir uch sinfdoshiga o‘q uzgan, ulardan biri vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Takoma shahridagi maktabda sodir bo‘lgan hujum oqibatida olti kishi – besh nafar o‘quvchi va bir qo‘riqchi pichoqlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

maktab Braziliya otishma 13 yoshli o'quvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing