“Bu noqonuniy”. Bobur Bekmurodov poytaxtda peshlavhalar demontaj qilinayotganini qoraladi (video)
Jamiyat
−
16 mart 6668 2 daqiqa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov poytaxtda tijorat binolaridagi reklama va peshlavhalarni demontaj qilish holatlariga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, so‘nggi kunlarda poytaxtimizda tadbirkorlarni o‘zlariga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilishga undash holatlari ko‘paymoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.
Bekmurodovning yozishicha, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq, bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim. Deputatning fikriga ko‘ra, bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart:
Birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach, kuchga kirishi belgilangan. Biroq, majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
Ikkinchidan, davlat rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish – bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.
Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy juchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga “ikki kun ichida demontaj qil” deb talab qo‘yish ” bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
To‘rtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. O‘zbekistonda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda.
“Biz mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak. Shahar ma’muriyati biznes bilan "buyruqbozlik" tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim”, degan Bekmurodov.
Live
Barchasi