Mansabdor zararni shaxsiy hisobidan qoplashi kerak – Bobur Bekmurodov “tandir voqeasi” haqida
Jamiyat
−
03 dekabr 8709 1 daqiqa
Avvalroq, Andijon viloyatining Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagani, buning ortidan esa unga ushbu ishi uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ham munosabat bildirdi.
Bekmurodovga ko‘ra, Andijonda tandirlarning buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar qoplanishi kerak.
“Buni noqonuniy topshiriqni bergan mansabdorning shaxsiy hisobidan amalga oshirish muhim. Tadbirkorning mulkiga zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-2-moddasiga (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) ko‘ra, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni (BHMning 30 baravarigacha, 12 mln 360 ming so‘mgacha) tashkil etsa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgandi. Keyinroq esa Xizirov ishdan bo‘shatilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Live
Barchasi