“Markaziy Osiyo yoshlarining DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘q”. Bekmurodov Mixeyevga javob qaytardi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, rossiyalik propagandachi Sergey Mixeyev Vladimir Solovyovning “Rossiya 1” telekanalidagi “Vecher s Vladimirom Solovyovim” dasturi efirida Rossiya uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘llab-quvvatlab kelgani, shuning uchun mazkur davlatlar “o‘z o‘rnini bilishi” kerakligini aytgan edi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Mixeyevning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, hozirgi Markaziy Osiyo yoshlarining DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘qligini aytdi.

“Afsuski, hali-hanuz televizion studiyalarda o‘tirib o‘tgan asr kategoriyalari bilan yashashga urinayotgan “ekspert”larga murojaat qilmoqchiman. Iltimos, quloq soling va mana shu reallikni yaxshilab yodda tuting.

Birinchidan, Markaziy Osiyo va Kavkaz — bu endi kechagi mintaqa emas. Bu – ochiq, mustaqil, iqtisodiy jihatdan kuchli sub’ektdir. Bu yerga Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi, shu jumladan Rossiya tomonidan milliardlab investitsiyalar kiritilmoqda. Ular, eng avvalo, barqarorlikka sarmoya kiritmoqda.

Ikkinchidan, mintaqamiz davlatlari chegaralar va boshqa bahsli loyihalar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib bo‘ldi. Biz ko‘pchilik masalalar bo‘yicha yagona kelishuvga keldik. Hozir konstruktiv, yagona pozitsiyani ilgari suryapmiz. Region hech qachon bugungidek yakdil bo‘lmagan, shuning uchun bu yerda provokatsiya uyushtirishga bo‘lgan har qanday urinish — shunchaki vaqtni bekorga sarflashdir”, deydi Bekmurodov.

Shuningdek, u Markaziy Osiyoning demografik salohiyatini ham urg‘ulagan va bugungi kunda mintaqa yoshlarining DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘qligini aytgan.

“Uchinchidan, demografiyaga qarang. Markaziy Osiyo — bu 80 million aholi, ularning qariyb 60 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Bu faol yoshlar. Ular mustaqillik ruhida ulg‘aygan. Ularning DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘q, bunday teledasturlar bilan ularni qayta tarbiyalab bo‘lmaydi. Ular erkinlikni, o‘z yo‘lini va mustaqil davlatlar tanlagan yo‘lni qadrlaydi”, deydi Bekmurodov.

Bundan tashqari, u bunday bayonotlar Rossiya biznesiga salbiy ta’sir qilishini aytgan.

“To‘rtinchidan, og‘zaki tajovuz, avvalo, Rossiya biznesiga salbiy ta’sir qiladi. Butun mintaqada Rossiya biznesi transportdan tortib energetikagacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi. Bunday bayonotlar, eng avvalo, aynan shu kompaniyalarni davlat idoralari, hamkorlar va bu mamlakatlar fuqarolari oldida juda noqulay ahvolga solib qo‘yadi. Siz aslida o‘z biznesingizning oyog‘idan chalyapsiz. Buni tushunishingiz kerak: ular munosabatlar qurishga harakat qilyapti, siz esa ularni vayron qilyapsiz.

Bu ritorikani to‘xtatish vaqti keldi! Ittifoqchilik ruhiga mos harakat qilish kerak. Keling, yetakchilarimiz, eng avvalo Rossiya Federatsiyasi rahbari aytib kelayotgan haqiqiy sheriklik yo‘lidan boraylik. Tengma-teng muloqot qilishni o‘rganing”, deydi Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.

Qolaversa, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.

Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.

Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi va divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekistonda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, uning gaplarini “safsata” o‘zini esa “nusxa” deb atagandi.

“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, degan Bekmurodov.


Maqola muallifi

Teglar

Bobur Bekmurodov Sergey Mixeev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing