Checheniston hujumga uchradi – Weekend

Tahlil

Putinga Nyu-Dehlida vegitarian taomlar taklif qilindi. Rossiya Prezidenti esa mamlakati Hindistonga uzluksiz yoqilg‘i yetkazib berishga tayyor ekanini aytdi.

Makron Xitoyda Golivud yulduzlari kabi kutib olindi. biroq Xitoy fransiyaga 2 ta panda va’da qilgan bo‘lsada, makron savdo va Ukraina bo‘yicha aytarli natijaga erisha olmadi.

Tramp va nihoyat tinchlik mukofotini oldi. Lekin bu Nobel emas, u atigi bir oy oldin ta’sis etilgan

Bir hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.

Putin Hindistonda

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 4 dekabr kuni 4 yil ichida birinchi marta Hindistonga bordi. Bu tashrifga uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan edi. Putin Nyu-Dehliga kelishidan oldin Kremlda Hindistonning “India Today” telekanaliga katta intervyu bergan edi. Hindistonda esa Modi va Putin aks etgan multfilm namoyish etilgan.
                                
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Putinni dabdaba bilan kutib oldi – protokolni buzib bo‘lsa ham o‘zi samolyot trapiga bordi, oyog‘i ostiga qizil gilam yozdi, aeroportning o‘zida hindcha milliy raqslar bilan tomosha qo‘yildi, u bilan bir mashinaga o‘tirib, Putinni uyiga olib ketdi va o‘sha yerda mehmon qildi. 

Rasmiy tadbirlar va muzokaralar esa ertasi kuni bo‘lib o‘tdi. Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu rossiyalik mavqedoshi sharafiga rasmiy qabul ma’rosimi uyushtirdi. E’tiborlisi shundaki, dasturxonga vegitariyan taomlari qo‘yildi. Menyuning birinchi taomi sifatida ziravorlar qo‘shilgan va tariq bilan bezatilgan sho‘rva tortildi. Gazak sifatida qo‘ziqorinlar, qora no‘xotli kaboblar,  asosiy taom sifatida panir ruleti, zirali xantal qaylasi bilan pishirilgan ismaloq, tandirda pishirilgan kartoshka va shirin-achchiq sousdagi baqlajonlar tortildi. Davlat rahbarlari uchun dasturxonda yangi siqilgan anor, apelsin va sabzi-zanjabil sharbatlari bor edi. Shirinlik sifatida qovurilgan yong‘oqlar bilan iliq bodom holva hamda hindcha muzqaymoq berildi.

Keling, endi tashrifning muhim siyosiy jihatlarini ko‘rib chiqsak. 

Putin Moskvaning Hindistonga "uzluksiz yoqilg‘i yetkazib berishni davom ettirishga tayyor" ekanini aytdi. U avvalroq AQSHning Hindistonga Rossiya neftini kamaytirish borasidagi bosimiga shubha bildirib o‘tgan edi.

Hindiston esa ehtiyotkorlik bilan javob qaytardi. Tashqi ishlar kotibi Vikram Misri energetik hamkorlik haqida savolga javoban Hindiston kompaniyalari qarorlarni bozor sharoiti va tijoriy omillar asosida qabul qilishini, bu esa sanksiya va narxlar bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Uning aytishicha, energetika bo‘yicha hamkorlik shu doirada davom etmoqda. 

Narendra Modi esa 2030 yilgacha mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi bo‘yicha kelishuvga erishilganini, bu savdo va investitsiyalarni yanada barqaror va muvozanatli qilishini ta’kidladi. Putin esa Rossiya 2030 yilga borib o‘zaro savdo hajmini 100 milliard dollarga yetkazish maqsadida Hindiston mahsulotlarini ko‘proq import qilishni istayotganini aytdi.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, "murakkab va tarang geosiyosiy sharoitga qaramay, Rossiya–Hindiston aloqalari tashqi bosimlarga bardosh berishda davom etmoqda".

Tomonlar Hindiston fuqarolarining Rossiyada ishlashi, Rossiyada qo‘shma o‘g‘it zavodi qurilishi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va dengiz tashuvlari sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlar imzoladi.

Mudofaa sohasidagi aloqalar esa Hindistonning harbiy sanoatni milliylashtirish siyosati doirasida qayta ko‘rib chiqiladi. Rossiya qurollari uchun ehtiyot qismlar va texnik jihozlarni Hindistonning o‘zida ishlab chiqarish, qo‘shma tadqiqotlar va ishlab chiqishlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumki, Rossiya — Hindistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi va dengiz orqali tashiladigan neft bo‘yicha yetakchi manbasi. 
Biroq Hindiston AQSH bilan ham muzokara olib bormoqda — Tramp hukumatining rossiya nefti xaridiga javoban joriy etgan boj to‘lovlarini kamaytirish masalasi kun tartibida turibdi. AQSH sanksiyalari va tariflari tufayli Hindistonning energiya importi bu oyda so‘nggi uch yillikdagi eng past darajaga tushishi kutilmoqda. AQSH savdo vakili o‘rinbosari Rik Svitser 8 dekabr kuni Hindistonga borishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda Putinning “India Today” telekanaliga bergan intervyusida AQSHning Hindistonga bosim o‘tkazishini tanqid qilganini eslash o‘rinli.

“Agar AQSH bizning (yadro) yoqilg‘imizni sotib olishga haqli bo‘lsa, nega Hindiston ham shunday qilishga haqli bo‘lmasligi kerak?"

U bu masalani Donald Tramp bilan muhokama qilishga tayyorligini aytdi.

Hindiston esa Tramp tariflarini "asoslanmagan va adolatsiz" deb biladi. Nyu-Dehli AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarga qaramay Rossiya energiya mahsulotlarini milliardlab dollarlik hajmda sotib olayotganini eslatib o‘tgan.

Makron Xitoyda

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 3 dekabr kuni rafiqasi Brijit bilan Xitoyga bordi. Uning tashrifi ham voqealarga boy bo‘ldi. 

Makron Xitoyga amalga oshirgan to‘rtinchi davlat tashrifi davomida pandalar va ping-pong atrofida shakllangan iliq diplomatiya bilan shug‘ullandi – u yerda Prezident omma tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, katta qiziqish bilan kutib olindi.

Biroq Fransiya yetakchisi Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Ukraina yoki savdo masalalarida sezilarli ilgarilashga erisholmaganga o‘xshaydi.

5 dekabr kuni Si va uning rafiqasi Pen Liyuan, protokoldan tashqari holda, Makron va uning rafiqasi Brijitni Xitoyning to‘rtinchi yirik shahri Chengduga olib bordi. Fransiya rahbari bu yerda juda samimiy kutib olindi.

Yuzlab talabalar va shahar aholisi Sichuan universitetining sport majmuasi tashqarisiga yig‘ilib, Makron kelganida uni qo‘llab-quvvatlab qichqirishdi.

Shahar tanlovi kam uchraydigan diplomatik ishora sifatida baholandi — bunday hurmat 2017 yilda Xitoyga kelgan AQSH prezidenti Donald Trampga ham ko‘rsatilmagan, uning tashrifi Pekin bilan cheklangan edi.

Yetakchilar shuningdek Sichuanda joylashgan va UNESCO merosi sanalgan qadimiy Dutszyan’yan suv inshooti bilan tanishtirildi.
Brijit Makron esa Chengdudagi pandalarni ko‘paytirish tadqiqot markaziga bordi. 2012 yilda Fransiyaga «panda diplomatiyasi» doirasida yuborilgan ikkita 17 yoshli panda bugungi kunda bu yerga qaytgan.

Makronning rafiqasi o‘sha yerda Fransiyada 2017 yilda tug‘ilgan panda  Yuan Mengni ham ko‘rdi. U 2023 yilda Xitoyga qaytarilgan.

Xitoy Fransiyaga qaytarilganlarning o‘rnini to‘ldirish maqsadida ikki yangi panda yuborishga va’da bergan. Bovual bog‘i direktoriga ko‘ra, ular uzog‘i bilan 2027 yilgacha yetkaziladi.

Shu bilan birga, Makron 2024 yilgi Parij Olimpiadasida bronza medali olgan fransuz tennischilari Aleksis va Feliks Lebrun bilan uchrashdi. Ular Xitoyda Miks-jamoaviy jahon kubogida ishtirok etmoqda va mamlakatda juda mashhur.

Biroq Si va Makron o‘rtasidagi iliq munosabatlarga qaramay, bu tashrif hozircha asosan Pekinning diplomatik nufuzini mustahkamlab, aniq natijalarga aylanmadi. Ayniqsa Tramp tariflaridan so‘ng dunyo rahbarlari iqtisodiy kafolat izlayotgan bir paytda.

Pekindagi muzokaralar faqat aholi qarishi, yadro energetikasi va pandalarni asrash kabi sohalar bo‘yicha 12 ta hamkorlik kelishuvi bilan cheklandi. Moliyaviy qiymat e’lon qilinmadi.

Si Szinpin kutilganidek 500 ta Airbus samolyoti xaridini ma’qullagani yo‘q — bu Vashington bilan Boeing bo‘yicha muzokaralarda Xitoy ta’sirini kamaytiradi.

U Fransiya konyak ishlab chiqaruvchilari yoki go‘sht eksportchilariga shartlarni yengillashtirishi ham qiyin — chunki bu Xitoyning Yevropa qo‘ygan elektromobil tariflari bo‘yicha muzokaralaridagi mavqeini zaiflashtiradi.

Safar chog‘ida Makron Si Szinpinni Ukrainadagi urushni tugatish uchun sa’y-harakat qilishga va Fransiya hamda Yevropaga nisbatan savdo nomutanosibligini bartaraf etishga chaqirdi.

Xitoy esa doim mamlakatlar hududiy yaxlitligini hurmat qilish va tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidlab keladi, biroq u 2022 yildagi Rossiyaning Ukrainaga bosqinini hech qachon ochiq tanqid qilmagan.

G‘arb davlatlari Pekinni Rossiyaga iqtisodiy jihatdan muhim ko‘mak berganlikda ayblaydi, xususan, harbiy sanoati uchun komponentlar yetkazib berish orqali. Xitoy bu ayblovlarni rad etadi.

Makronning Fransiyaga Xitoy sarmoyalarini oshirish chaqiriqlari natija bergandek ko‘rinadi. Pekin bilan bu borada niyat xatlari imzolandi. Si Szinpin Fransiya bilan “o‘zaro investitsiyalarni oshirish” va “adolatli savdo muhitini” ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi.

Makron Xitoyda G‘arb zaiflashmoqda degan fikrga qarshi ham chiqdi:

“Ko‘plar sizga Yevropaning qariganini aytadi.  G7'dagi boy mamlakatlar takabbur, deb ta’kidlaydi. G‘arb Janub mamlakatlariga yukoridan qarayapti, deyishadi. Biroq bularning barchasi  o‘ylab topilgan konstruksiya”, dedi u.

Tramp Tinchlik mukofotini oldi

Haftaning muhim voqealaridan biri 5 dekabr kuni Vashingtondagi Kennedi markazida bo‘lib o‘tdi. U yerda  futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi va uning doirasida AQSH Prezidenti Donald Trampga Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning yangi, tanqinchilarning fikricha, Tramp uchun maxsus joriy etilgan Tinchlik mukofoti topshirildi.

Marosim chog‘ida mukofot – bir necha qo‘llar ko‘tarib turgan oltin globus – Trampga FIFA rahbari Janni Infantino tomonidan oltin medal va sertifikat bilan birga taqdim etildi. Infantino Trampni “dunyo bo‘ylab tinchlik uchun qatiy sa’y-harakatlari” uchun maqtab, uning “tinchlik ishiga mustahkam sadoqati”ni ta’kidladi. Tramp esa buni “hayotimdagi eng yuksak sharaflardan biri” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u “Kongoda millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan va ko‘plab mamlakatlarda urushlarni to‘xtatgan yoki oldini olgan”.

Futbolchilar ko‘pincha siyosiy bildirishlarni namoyish etganliklari uchun FIFA tomonidan jarimalar va taqiqlarga duch keladi, chunki futbolni boshqaruvchi tashkilot uzoq vaqtdan beri siyosiy betaraflik siyosatida ekanini e’lon qilgan.

Biroq Infantino Trampga birinchi FIFA Tinchlik mukofotini topshirib, respublikachilar rahbari bilan munosabatlarini yanada mustahkamladi.

Infantino bu mukofotni bor-yo‘g‘i bir oy avval ta’sis etgan. FIFAga ko‘ra, bu mukofot muntazam tarzda beriluvchi an’anaga aylanadi va “dunyoda tinchlik yo‘lida favqulodda va bitmas-tuganmas ishlar qilgan va shu orqali butun dunyo odamlarini birlashtirgan shaxslarga” topshiriladi. Mukofotni joriy etish qarori FIFA Kengashi roziligisiz qabul qilingan va bu ular uchun kutilmagan hol bo‘lgan.

Janni Infantino o‘zining “do‘sti” Donald Trampni Nobel Tinchlik mukofoti uchun nomzod sifatida ham ko‘rsatgan.  Biroq nima bo‘lganidan xabaringiz bor. Mukofot venesuelalik faol Mariya Korina Machadoga berildi. Natijalar e’lon qilingach, Oq uy Nobel qo‘mitasini “partiyaviy manfaatlarni tinchlikdan ustun qo‘yishda” aybladi.

Tramp Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini iolishni juda hoxlagandi. endi esa unda nobelniki bo‘lmasa ham, tinchlik mukofoti bor.

Shu o‘rinda joriy yil iyul oyida bo‘lgan hodisani eslab o‘tish o‘rinli. 13 iyul kuni Nyu-Jersidagi “Met Layf” stadionida Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida “Chelsi” “Pari Sen-Jermen”ni 3:0 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng, Donald Tramp mukofotlash marosimiga sahnaga tushdi. Lekin u mukofotlar topshirilgandan so‘ng ketmay, o‘yinchilar bilan fotosessiyada qolib ketdi. FIFA prezidenti bir necha marta uni sahnadan olib chiqishga harakat qilganiga qaramay, Tramp futbolchilarning birinchi qatorida qolaverdi.

Infantino AQSH Prezidentiga Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining haqiqiy bosh sovrinini ham taqdim etgan, g‘olib – Londonning “Chelsi” jamoasi esa keyinchalik faqat uning nusxasini olgan. Haqiqiy kubog esa oq uydagi Oval kabinetda turibdi.

JCHga qaytadigan bo‘lsa, u 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha Kanada, AQSH va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ilk bor 32 emas, 48 terma jamoa qatnashadi. Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy oldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatini 2026 yil 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Navbatdagi uchrashuv 23 iyun kuni Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tsa, guruh bosqichining so‘nggi bahsi 27 iyun kuni o‘tish o‘yini g‘olibiga qarshi o‘tkaziladi. 

Ukraina: urush va muzokaralar

Ukrainadagi urush va uning tugatish bo‘yicha muzokaralar hali ham kun tartibida. 

2 dekabr kuni Kreml saroyida Moskva va Vashington o‘rtasida Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomonidan muzokaralarda Prezident Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va Prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etdi. AQSH tomoniga Prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner vakillik qilgan. uchrashuv deyarli besh soat davom etgan va 3 dekabr kuni Moskva vaqti bilan 00:30 da yakunlangan.

Muzokaralarning to‘liq tafsilotlari e’lon qilinmagan va tomonlar buni ochiqlamaslikka kelishib olgan. Uitkoff va Kushner Moskvadan so‘ng, Kiyevga borib, Zelenskiy bilan ham uchrashish kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Ular AQSHga qaytdi. 

Florida shtatining Mayami shahrida AQSH va Ukraina delegatsiyalari 2 kun davomida muzokara o‘tkazdi. O‘sha yerda Uitkoff va Kushner Ukraina yetakchi muzokarachisi Rustam Umarovga Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan uchrashuvi haqida ma’lumot berdi. Ikkala tomon ham buni “Ukrainada barqaror va adolatli tinchlikka olib boruvchi ishonchli yo‘lni ilgari surish bo‘yicha konstruktiv muhokamalar” deb baholagan.

Zelenskiy esa 6 dekabr kuni Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uzoq va “mazmunli” telefon suhbati o‘tkazdi. Uning aytishicha, u Umarovdan Kiyevda batafsil hisobot kutyapti.

Muzokaralar aytida urush ham to‘xtab qolgai yo‘q. 5 dekabr kuni Ukraina dronlari Chechenistonning Grozniy shahridagi biznes-markazga zarba berdi. Chechen ommaviy axborot vositalari hujum oqibatlarining dahshatli kadrlari bilan bo‘lishdi. “Grozniy-Siti” majmuasidagi 145 metrlik osmono‘par bino o‘zining avvalgi jilo va ko‘rkini to‘liq yo‘qotgan. Majmua Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning rasmiy rezidensiyasidan atigi bir kilometr masofada joylashgan. Zarba binoning o‘rta qismiga berilgan – bu yerda vazirliklar, mintaqaviy idoralar, Saylov komissiyasi, Ombudsman idorasi va neft sohasi bilan bog‘liq tashkilotlar joylashgan.

Qodirov Ukraina dronlarining hujumidan so‘ng, Kiyev tez orada “sovg‘a” olishini va’da qildi. Checheniston yetakchisiga ko‘ra, “Grozny-Siti” majmuasidagi binolardan biriga dron hujumi sodir bo‘lgan, ammo hech kim jabrlanmagan. 

Rossiya qo‘shinlari 6 dekabrga o‘tar kechasi Ukrainaga raketalar va uchuvchisiz apparatlar orqali yo‘naltirilgan yirik hujum uyushtirdi. Deyarli butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, Zakarpat viloyatida ham havo hujumi xavfi e’lon qilindi. Ko‘plab hududlar dronlar orqali nishonga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Xitoy Hindiston Ukraina Ramzan Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing