Dehqonchilik mahsulotlari QQSdan ozod qilinadi

Jamiyat

image

2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun, 4 sentyabr kuni taqdimot qilindi.

Taqdimot paytida so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasi tarkibiy jihatdan isloh qilinib, samaradorlikni oshirish choralari ko‘rilgani ta’kidlandi. Unda aytilishicha, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratilgan, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etilgan. Shuningdek, 1 milliard dollarlik 1500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirilgan.

Davlat rahbari shunday bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori ekanini aytdi. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etmoqda.

Shu sababli Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, kelasi yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi. Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.

“Bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga mustahkam zamin yaratadi.

Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmasligi belgilangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev QQS qishloq xo'jaligi Oziq-ovqat mahsulotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing