Endi Rossiyada raketalarga reklama joylashtiriladi
Olam
−
30 Sentabr 5376 2 daqiqa
Kecha, 29 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Roskosmos”ga raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik infratuzilma ob’ektlarida reklama joylashtirishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonunda reklama uchun to‘lov miqdorini belgilash tartibi, to‘lov shakllari va bitimni hukumat bilan kelishish zarurligi ko‘zda tutilgan.
Davlat Dumasiga kiritilgan qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida yozilishicha, kosmik texnikada reklama joylashtirish byudjetga yiliga 200 million rublgacha, infratuzilma ob’ektlaridagi reklamalardan esa qo‘shimcha 5 million rublgacha daromad keltirishi mumkin.
Qonun 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Rossiya kosmonavtikasida reklama 1992-1998 yillarda qo‘llanilgan. Birinchi marta reklama “Proton-K” raketa-tashuvchisida paydo bo‘lgan bo‘lib, o‘sha vaqtda tamaki kompaniyasi o‘z logotipini raketaga joylashtirgan. Kosmosdagi reklama sohasi 1998 yilda Xalqaro kosmik stansiya ishga tushirilishi bilan susaygan. O‘shanda “Roskosmos” va NASA texnika va jihozlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri reklamani cheklashga kelishib, loyiha uchun neytral ilmiy imidj ta’minlashga intilgan. XKSni 2030 yilga borib Yer orbitasidan chiqarish rejalashtirilmoqda. Yakuniy muddat hamkor davlatlar o‘rtasida kelishilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Xitoy Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi (IRLS) qurilishi doirasida Oy yuzasida atom elektr stansiyasi (AES) o‘rnatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Xitoy rejasiga ko‘ra, Oyning janubiy qutbida yashashga mo‘ljallangan baza qurilishi uchun asos avtomatik “Chan’e-8” stansiyasi tomonidan qo‘yiladi. Uning uchirilishi 2028 yilga mo‘ljallangan.
Live
Barchasi