Energetika vazirining Otabek Bakirov ustidan shikoyati bo‘yicha ish tugatildi

Jamiyat

image

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning iqtisodchi Otabek Bakirovga nisbatan shikoyati bo‘yicha ish tugatildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 7 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Otabek Bakirov ustidan shikoyat bo‘yicha ish ko‘rilmasdan tugatilgan. Bunga sabab – yolg‘on axborot tarqatish moddasi bo‘yicha jazoga tortish muddati o‘tib ketgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz “zapravka”lardagi turnaqator navbatlar va elektr energiyasidagi ketma-ket uzilishlar haqida post yozgani uchun bloger Otabek Bakirov ustidan shikoyat qilgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, 2024 yilning qishida Bakirov o‘zining Telegram-kanalida Energetika vazirligi tomonidan metan “zapravka”larda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasi yaxshi ishlamasligi, unga milliardlab pul sarflangani haqida yozgan. Shuningdek, Toshkent tumanida “rejaga chiqish uchun” paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar ko‘payganini tanqid qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha oradan qariyb 14 oy o‘tib, 2026 yil 23 yanvarda Toshkent shahar IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ammo 2026 yil 25 mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishini rad etish haqidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Joriy yilning 1 may kuni mazkur ish bo‘yicha sud bo‘lishi kerak edi, biroq sudya ishni tanishib chiqishi kerakligi aytilib noma’lum muddatga qoldirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo'rabek Mirzamahmudov Otabek Bakirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing