Energetika vazirining Otabek Bakirov ustidan shikoyati qayta ko‘rib chiqiladi
Jamiyat
−
29 aprel 7957 2 daqiqa
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga kiritgan arizasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda bugun, 29 aprel kuni iqtisodchi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalgi arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganidan keyin bir hafta o‘tib-o‘tmay, 2024 yil 26 dekabrda o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan bir necha seriyali nisbatan huquqiy baho berish va qonuniy tartibda chora ko‘rishni so‘rab Toshkent shahar IIBBga shikoyat qilgan. Mazkur holat bo‘yicha oradan qariyb 14 oy o‘tib, 2026 yil 23 yanvarda Toshkent shahar IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Lekin ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 25 mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishini rad etish haqidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risida qaror qilgan. Hozirda ish Yashnobod IIBga tushirilgan.
Bakirovga ko‘ra, Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni “2024 yil dekabr oyida metan “zapravka”larda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi”, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida “rejaga chiqish uchun” “paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar” bilan bog‘liq.
“Qizig‘i, shikoyat va qayta ochilgan ish yana qariyb 1,5 yil avvalgi chiqishlar bilan bog‘liq va o‘zgarishsiz jihati shundaki, mazkur post yozilayotgan kunda ham svet uch marta, qariyb 4 soatga o‘chdi”, deydi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning dekabr oyida Jo‘rabek Mirzamahmudov Otabek Bakirov ustidan Sag‘bon podstansiyasiga oid 2023 yilda yozilgan post bo‘yicha prokuratura va IIVga shikoyat arizasi kiritgandi. Biroq Energetika vazirining shikoyat arizasi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘shanda Energetika vaziri ushbu post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud, deb hisoblab, bu bo‘yicha Bakirovga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘ragandi.
Live
Barchasi