Eron AQSHni sulhni muntazam buzayotganlikda aybladi
Olam
−
17:56 643 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning o‘t ochishni to‘xtatish rejimini bir necha bor buzgani va Eron hamda mintaqadagi ayrim davlatlarga qarshi tahdidli bayonotlarini keskin qoraladi. Bu haqda vazirlik bayonotida aytiladi.
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy bugun, 28 may kuni tongda Bandar Abbos hududiga AQSH tomonidan uyushtirilgan harbiy hujumni qattiq qoralab, bu harakatlar Eronning hududiy yaxlitligi va milliy suverenitetiga qarshi tajovuz ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xalqaro huquq va BMT Nizomining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi va BMT Xavfsizlik Kengashi AQSHni javobgarlikka tortish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishi kerak.
Bag‘oiy AQSH tomonidan joriy yil 8 aprelda e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimining muntazam buzilayotganini, xususan, Fors ko‘rfazi va ochiq dengizlardagi tijorat kemalariga qarshi harakatlar hamda so‘nggi kunlarda Eron janubiga qilingan havo hujumlarini eslab o‘tgan. Shu bilan birga, u Eron Islom Respublikasi BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, TIV vakili AQSH amaldorlarining Eron va mintaqadagi boshqa davlatlarga qarshi tahdidli bayonotlarini ham qoralab, do‘st va birodar davlat Ummon bilan hamjihatlikni ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan olib borilayotgan muzokaralardan noroziligi va Amerika harbiylari mamlakatda harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.