Baydenning audioyozuvlari yangi siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi
Olam
−
09:49 3839 2 daqiqa
AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden memuarlar (esdaliklar) uchun yozib olingan shaxsiy suhbatlarining audioyozuvlari e’lon qilinishini taqiqlash maqsadida sudga murojaat qildi. Amaldagi Prezident Donald Tramp esa sobiq prezidentning ushbu qarorini tanqid qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jo Bayden Adliya vazirligiga qarshi da’vo arizasi bilan chiqqan. U Kongressdagi respublikachilarga o‘zining 2016-2017 yillarda memuar muallifi bilan o‘tkazgan suhbatlari audioyozuvlarini topshirishni muddatsiz taqiqlashni talab qilmoqda.
Da’vo arizasida aytilishicha, Bayden mazkur materiallarning respublikachilar nazoratida bo‘lgan Vakillar palatasining Yuridik qo‘mitasiga oshkor qilinishiga qarshi chiqmoqda.
Gap kitob tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan suhbatlar haqida bormoqda. Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, suhbatlarda juda shaxsiy va nozik mavzular, jumladan, 2015 yilda onkologik kasallik tufayli vafot etgan to‘ng‘ich o‘g‘li Bo Baydenning o‘limi haqida so‘z borgan.
“Da’vogar Jozef Bayden suddan Adliya vazirligi tomonidan materiallarning qo‘mitaga oshkor qilinishiga muddatsiz taqiq qo‘yishni so‘raydi”, deyiladi hujjatda.
Adliya vazirligi ushbu materiallarni 2023 yilda Baydenning maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilgani bo‘yicha olib borilgan tergov davomida qo‘lga kiritgan. O‘shanda vazirlik jinoiy ta’qib uchun asoslar yo‘q degan xulosaga kelgan.
Baydenning bildirishicha, yozuvlarning e’lon qilinishi uning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini buzadi. Da’vo arizasida, shuningdek, ilgari Adliya vazirligi ham xuddi shunday pozitsiyada bo‘lgani, biroq Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan keyin o‘z qarorini o‘zgartirgani va fevral oyida audioyozuvlar hamda ularning matnli nusxalarini (stenogrammalarini) 15 iyun kuni qonun chiqaruvchilarga topshirish niyatida ekanligini ma’lum qilgani aytiladi.
Donald Tramp o‘zidan oldingi prezidentning ushbu da’vosiga munosabat bildirdi. AQSH Prezidenti Baydenni o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida tanqid qildi.
“Insofsiz siyosatchi”, deb yozgan Tramp va Baydenning sudga bergan da’vosi haqidagi xabar havolasini ilova qilgan.
Live
Barchasi