Eron Quvaytdagi AQSH bazasiga hujum qildi. 15 amerikalik harbiy yaralandi
Olam
−
07 aprel 8409 2 daqiqa
Joriy yilning 5 aprel kuni tunda Quvaytdagi Ali al-Salom aviabazasiga Eron droni hujum qilishi ortidan 15 nafar amerikalik harbiy yaralandi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
“Eronning Quvaytdagi aviabazaga hujumi ortidan 15 amerikalik yaralandi”, deyiladi xabarda.
Manbalardan birining aytishicha, jabrlanganlarning aksariyati allaqachon o‘z xizmat vazifalariga qaytgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 aprel holatida Eronga qarshi operatsiya davomida jarohatlangan amerikalik harbiylar soni 373 nafarga yetgan. Shundan qariyb 330 nafari xizmatga qaytgan, 5 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
28 fevral kuni AQSH va Isroil birgalikda Eronga qarshi harbiy operatsiyani boshlagan edi. Bunga javoban Tehron bir qator choralar ko‘rdi, jumladan Isroil va Yaqin Sharqdagi AQSH bazalariga raketa va dron zarbalari berdi. Bu bazalar Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt va BAA hududlarida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha qo‘yilgan ultimatum muddati tugab borayotganini ma’lum qilgandi. U Eron rasmiylarini qo‘rqitib, agar bo‘g‘oz ochilmasa, mamlakat ustida “do‘zax” yog‘ilishini iddao qilgandi. Tehron esa bu talabni rad etib, AQSH Prezidentining o‘zini “jahannam qa’riga yuborish” bilan tahdid qilgandi. Shundan so‘ng, yana Tramp Hormuz bo‘g‘ozi ochilmasa, Erondagi elektr stansiyalari va ko‘priklarni bir kunda vayron qilish bilan tahdid qilgandi.
Live
Barchasi