Eronliklar o‘z kelajagini Pahlaviyga ishonyaptimi?
Olam
−
24 fevral 2430 2 daqiqa
Eron jamiyatida joriy tuzumga qarshi norozilik kuchaygan sari so‘nggi shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviy atrofidagi kayfiyat ham o‘zgarmoqda. Ilgari xalqaro doiralarda siyosiy jihatdan jiddiy qabul qilinmagan shaxs sifatida ko‘rilgan Pahlaviy bugun ayrimlar uchun rejimga yagona muqobil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ko‘pchilik eronliklar uchun u tor doiradagi siyosiy shaxs emas, balki hozirgi hokimiyatdan xalos bo‘lish imkoni ramziga aylanyapti. Bu haqda “Politico” nashri yozdi.
So‘nggi yillarda uning jamoasi ancha keskin uslubni tanladi. Onlayn va oflayn maydonda raqiblarga qarshi hujumkor taktika qo‘llanib, muxolifat ichidagi boshqa ovozlar chetga surilmoqda. Tanqidchilarning aytishicha, bu yondashuv hatto diaspora ichida ham qo‘rquv va ziddiyat uyg‘otgan. Pahlaviy tarafdorlari eng kichik e’tirozga ham keskin munosabat bildirishi, faollarga tahdid qilish holatlari haqida gap-so‘zlar tarqalgan.
Shu bilan birga, Pahlaviyning nufuzi o‘smoqda. Isroil–Eron ziddiyati va mamlakat ichidagi norozilik namoyishlari ortidan uning nomi ko‘proq tilga olina boshlagan. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bu o‘sish tashkiliy kuchdan ko‘ra, jamiyatning chuqur umidsizligi bilan bog‘liq: iqtisodiy tanazzul, siyosiy bosim va xalqaro yakkalik sharoitida odamlar tanish va tarixiy ramzga suyanishga moyil.
Pahlaviy o‘zini demokratiya tarafdori sifatida ko‘rsatadi, siyosiy zo‘ravonlikni qoralaydi va kelajakdagi Eron taqdiri xalq irodasiga bog‘liq bo‘lishini aytadi. Biroq uning atrofidagi harakat “yo u, yo rejim” degan qarashni mustahkamlashga intilmoqda. Ayrim tahlilchilar bu strategiya muxolifatni birlashtirishi mumkinligini, boshqalar esa bu kelajakdagi boshqaruv uslubi haqida savollar tug‘dirishini ta’kidlaydi.
.png)
Pahlaviy guruhi “Iqtisodiy farovonlik loyihasi” nomli dasturni ham ilgari surgan. Unda rejim ag‘darilganidan keyingi o‘tish davrida kuchli markazlashgan boshqaruv nazarda tutiladi. Bu esa ayrim faollarni xavotirga solmoqda: tarix Eronda hokimiyat almashinuvi doim ham kutilgan natija bermaganini ko‘rsatgan.
Nihoyat, Pahlaviyning kelajagi ma’lum ma’noda tashqi omilga bog‘liq. AQSH Prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasiga nisbatan bosimni kuchaytirgan, ammo yakuniy yo‘l tanlovi ochiq qolmoqda. Pahlaviy esa Vashington qo‘llab-quvvatlasa, o‘zini Eron tarixida yangi sahifa ochuvchi shaxs sifatida ko‘rishni istamoqda. Ammo bu umid – hali siyosiy ehtimol, amaliy voqelik emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashington Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bosimni kuchaytirayotgan bir paytda mintaqadagi harbiy hozirlikni so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori darajaga olib chiqqani haqida aytilgan edi.
Live
Barchasi