Estoniya Rossiya biqinida bunkerlar qurishni boshladi
Olam
−
13 dekabr 1734 2 daqiqa
Estoniya mamlakatning janubi-sharqida Rossiya bilan chegara bo‘ylab ilk beton bunkerlarni o‘rnatishni boshladi. Bu haqda “Defense News” xabar berdi.
Estoniya Mudofaa investitsiyalari markazi vakili Krismar Rozinning tushuntirishicha, joriy hafta holatiga ko‘ra yettita boshpana o‘rnatishga tayyor holga keltirilgan. Yil oxirigacha rasmiylar jami 28 ta bunker joylashtirishni rejalashtirmoqda. Ushbu inshootlar Yevropa Ittifoqi va NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash maqsadida yaratilayotgan 600 ta boshpanadan iborat tarmoqning birinchi liniyasini tashkil etadi.
Maydoni taxminan 35 kvadrat metr bo‘lgan boshpanalar 152 millimetrlik artilleriya snaryadlari zarbasiga bardosh bera olishi lozim. Ular Rossiyaning ehtimoliy bosqinini oldini olishga qaratilgan ko‘p bosqichli mudofaa tizimining bir qismi hisoblanadi. Rozinning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon tikanli simlar va “ajdaho tishlari” turidagi to‘siqlar zaxirasi shakllantirilgan bo‘lib, zarurat tug‘ilganda o‘rnatish uchun oldindan tayyorlangan maydonlarda saqlanmoqda.
Rozinning aytishicha, bunkerlar qurilishining yakuniy muddati hozircha aniq emas. Inshootlar Setomaa munitsipalitetida va Estoniyaning janubi-sharqiy hududlarida joylashtiriladi. Ulardan 27 tasi davlat yoki munitsipal yerda, bittasi esa xususiy hududda quriladi.
“Hozirda bunkerlar joylashtirish jarayonida, biroq hali to‘liq tayyor emas”, deyiladi Markazning elektron xatida.
Estoniyada mudofaa boshpanalari tarmog‘i Boltiq mudofaa liniyasi doirasida barpo etilmoqda. Ushbu tashabbusga Litva va Latviya ham qo‘shilgan. Tallin o‘z loyihasini amalga oshirish uchun 60 million yevro ajratgan bo‘lib, hozirga qadar shundan qariyb 30 millioni sarflangan. Qolgan 572 ta bunker qurilishi bo‘yicha tenderni yil oxirigacha o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya-Rossiya chegarasida mudofaa inshootlarini qurish boshlagani, xususan, 40 kilometrli tankka qarshi xandaq qazilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi