Farg‘ona va Jizzaxda mansabdorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
29 may 3723 2 daqiqa
Jizzaxda davlat hisobidagi yerni tadbirkor nomiga o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan tuman hokimiyati mansabdori va Farg‘onada 2,5 milliard so‘m kreditni 5 foiz ulush evaziga tanish tadbirkorga chiqarib bermoqchi bo‘lgan bank bo‘limi rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
DXX va Bosh prokuroturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorning ishonchiga kirib, unga tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yer maydonini o‘zining yaqin aloqalari orqali olib berishni va’da qilgan. Bu ham yetmaganidek, tadbirkorning 2002 yilda tug‘ilgan tanishini mahalliy MCHJlardan biriga ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSH dollari ham talab qilgan va so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, hokimiyat vakili ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 mln so‘m olib, shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Tezkor tadbirda aniqlangan boshqa holatda esa O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan. Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali unga 2,5 milliard so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kreditning 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘m talab qilgan. Bank mansabdori so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatidagi tumanlarning birida Sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari 150 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi