Prezident tadbirkorlarni suyuntiradigan farmonni imzoladi
Jamiyat
−
29 may 11569 6 daqiqa
Bugun, 29 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, farmon kichik biznes sub’ektlari uchun soliq rejimini yanada qulaylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini soddalashtirish orqali aylanmadan ochiqlash va biznesni o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida imzolangan.
Hujjatga ko‘ra, quyidagilar ushbu farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilangan:
- biznes o‘sishi uchun iqtisodiy va ma’muriy qulayliklar yaratish;
- asosiy soliq stavkalarini oshirmasdan shaffof soliq bazasini kengaytirish;
- raqamli servislar va soliq solishning adolatlilik tamoyiliga asoslangan xavfga yo‘naltirilgan soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash;
- davlat, biznes, xodimlar, iste’molchilar, mahalliy byudjetlar va investorlar manfaatlari muvozanatini ta’minlash.
Joriy yil 1 iyundan boshlab soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki ming baravari etib belgilanadi.
2026 yil 1 iyundan boshlab mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan:
- alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
- alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu sub’ektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun:
- ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
- to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi;
- umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanishda to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadigan yer solig‘ining bir baravari miqdorida belgilanadi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab:
- alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
- kichik biznes sub’ektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki baravar oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.
Joriy yil 1 iyundan 2030 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilar mustasno, ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:
- qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
- foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
- sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi berilmaydi;
- soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan:
- qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va to‘langan soliqning bir qismini qaytarib berish tartibi qo‘llanmaydi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘ining mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi;
- mazkur tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish yoki uni qo‘llashdan voz kechish xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibidan umumbelgilangan tartibga o‘tilganda, soliq to‘lovchi bunday o‘tish sanasida o‘z balansida mavjud bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar va uzoq muddatli aktivlar qoldiqlarining balans qiymatida hisobga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini belgilangan tartibda hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.
Soliq qo‘mitasi bir oy muddatda elektron hisobvaraq-fakturalar va xarid cheklarida qo‘shilgan qiymat solig‘ini 6 foizlik stavka bo‘yicha hisoblash hamda uning alohida hisobini yuritish tizimini joriy etadi.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasi faqat ushbu soliq to‘lovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi va ta’sir choralarini belgilashga asos bo‘lib hisoblanmaydi.
Quyidagilar bekor qilinadi:
- qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi;
- O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etish;
- 2027 yil 1 yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past bo‘lgan hollarda qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini qaytarishda (qoplashda) inson omili ishtirokidagi joriy amaliyotdan voz kechiladi;
- soliq to‘lovchida mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar hosil bo‘lgan hamda kelishda hosil bo‘ladigan 10 million so‘mgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha salbiy farq summalari ularning arizasi talab etilmagan holda avtomatik tartibda qaytarib beriladi. Ushbu summani qoplab berish bilan bog‘liq soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil 1 oktyabrga qadar elektron hisobvaraq-fakturalar va soliq hisobotining xavf darajasini real vaqt rejimida baholash natijasida qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini avtomatik tarzda qaytarish (qoplash) amaliyotini joriy etadi.
2028 yil 1 yanvarga qadar kichik biznes sub’ektlariga soliq organlarining “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi orqali aniqlanadigan soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini mustaqil tuzatish imkoniyati berilib, quyidagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:
- soliq xavfi summasi besh yuz million so‘mgacha bo‘lganda — soliq auditi;
- soliq xavfi summasi yuz million so‘mgacha bo‘lganda — sayyor soliq tekshiruvi.
Soliq qo‘mitasi 2026 yil 1 iyuldan boshlab kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilganda soliq to‘lovchilarning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni faollashtirish jarayonini to‘liq avtomatlashtiradi.
Mazkur farmon norma va qoidalari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, darhol kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov belgilanadi.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov zimmasiga yuklanadi.
Live
Barchasi