FIFA Jahon chempionatigacha yangi qoidalarni joriy qilmoqchi
Sport
−
27 mart 966 2 daqiqa
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida amal qiladigan yangi qoidalarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Tashkilot tomonidan bir qator o‘zgarishlar taklif etilgan. Unga ko‘ra, almashtirilayotgan futbolchi maydonni 10 soniya ichida tark etishi kerak bo‘ladi. Agar ushbu vaqt oshib ketsa, uning o‘rniga tushadigan o‘yinchi maydonga tushishdan oldin qo‘shimcha vaqt kutishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, jamoalarga to‘pni o‘yinga kiritish (yon chiziqdan tashlash yoki darvozadan zarba berish) uchun 5 soniyadan ortiq vaqt berilmaydi.
Yana bir o‘zgarishga ko‘ra, futbolchi tibbiy yordam olganidan so‘ng (agar holat intizomiy jazoga bog‘liq bo‘lmasa) kamida bir daqiqa maydon tashqarisida bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, video yordamchi hakam (VAR) tizimi qo‘llaniladigan holatlar kengaytirilishi mumkin, xususan, bahsli burchak zarbalari va ikkinchi sariq kartochkalar bilan bog‘liq vaziyatlarda ham foydalanish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.
Yangi qoidalarga muvofiq, endilikda faqat sardorlik bog‘ichini taqqan futbolchigina hakam bilan bevosita muloqot qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi Jahon chempionati vaqtida ayrim mamlakatlar muxlislari va futbolchilari AQSHga kirish uchun sayyohlik vizasini olishda 15 ming dollar miqdorida depozit to‘lashi talab qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi