Fransiya Grenlandiyada NATO mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qildi
Olam
−
21 yanvar 1263 2 daqiqa
Fransiya Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiyada NATO harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda bugun, 21 yanvar kuni SNN xabar berdi.
Keltirilishicha, Fransiya AQSH hukumatining Daniyaning avtonom hududini anneksiya qilish istagi haqidagi bayonotlari fonida Grenlandiyada NATO mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qildi. Ushbu taklif AQSH Prezidenti Donald Trampning Shveysariyaning Davos shahriga Jahon iqtisodiy forumiga (WYeF) borishidan bir necha soat oldin paydo bo‘ldi. Chunki u yerda Amerika rahbari orol aholisi, Daniya va boshqa Yevropa mamlakatlarining qarshiligiga qaramay, Grenlandiyani sotib olish masalasini yana bir bor ko‘tarishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 20 yanvar kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, Yevropa AQSHning bosim va qo‘rqitishlariga bo‘ysunmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “eng kuchlilar qonunini passiv tarzda qabul qilish” Yevropaning “vassallashuviga” (zaiflashishiga) olib keladi.
Yanvar oyi boshida Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya kabi bir qator Yevropa davlatlari Daniya tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Arktika chidamliligi” harbiy mashg‘ulotlari doirasida o‘z qo‘shinlarini Grenlandiyaga yuborgan. Xususan, Germaniya Daniyaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini baholash maqsadida Grenlandiyaga Bundesver razvedka guruhini jo‘natgan.
Mazkur mojaro fonida joriy yilning 16 yanvar kuni AQSH Prezidenti Grenlandiyaga qo‘shin yuborgan davlatlarga 1 fevraldan boshlab 10 foizlik boj tariflari joriy etilishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Oradan bir kun o‘tib, Bundesverning 15 nafar harbiysidan iborat guruhi orolni tark etdi. Germaniya Mudofaa vazirligi esa missiya muddatidan oldin to‘xtatilmaganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi