FVV “Aviator”dagi dahshatli yong‘indan so‘ng ogohlantirish bilan chiqdi (video)
Jamiyat
−
03 fevral 4280 2 daqiqa
Favqulodda vaziyatlar vazirligi savdo markazlari va umumiy ovqatlanish joylarida keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qilib, yong‘in xavfsizligi talablari jiddiy buzilgan taqdirda ob’ektlar faoliyati to‘xtatilishi haqida ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi amaldagi qonunchilikka muvofiq, ob’ekt hududi va bino inshootlarida yong‘in xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maskan rahbarlariga yuklatilgan.
“Shu sababli quyidagi asosiy talablarga rioya etishingizni so‘rab qolamiz: Binolarning evakuatsiya chiqish yo‘llari doimiy ochiq va shay holatda bo‘lishi zarur. Binolar yong‘in signalizatsiyasi va boshqa yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari bilan jihozlanishi va doimiy ishchi holatda bo‘lishi va bu ishlar nazorat qilib borilishi zarur. Binolar hududi va qavatlari yong‘in o‘chirishning birlamchi vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanishi kerak”, deyiladi FVV ogohlantirishida.
Qo‘shimcha qilinishicha, ob’ekt hududi yoki binolarini ijaraga berish davrida ijaraga oluvchi tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishi shartnoma shartlarida belgilanishi zarur.
“Toshkent shahridagi “Aviator” savdo markazida sodir bo‘lgan bu kabi baxtsiz hodisalarning kelgusida oldini olish maqsadida yuqorida qayd etib o‘tilgan talablarga qat’iy rioya etilishi g‘oyat muhim hisoblanadi. Respublikamiz miqyosida bu toifadagi ob’ektlarda qayd etib o‘tilgan ishlarni to‘g‘ri tashkil etilgani, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilayotgani va bu kabi boshqa tadbirlar nazorat qilish yuzasidan joylarda ishchi guruhlar tuzilib, o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda. O‘rganishlar jarayonida yong‘in xavfsizligi talablarining ko‘p buzilish holatlari aniqlangan holatlarda ob’ektlar faoliyati vaqtincha vakolat doirasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatilmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ob’ekt hududi, bino va inshootlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi, bu talablar buzilishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in hodisalari yuzasidan ob’ekt rahbari va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Aviator” savdo-ko‘ngilochar markazida yong‘in sodir bo‘lgandi va oqibatda 3 yoshli qizaloq vafot etgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11- (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 259-moddalari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral