Qozog‘istonda o‘zbekistonlik yigit tog‘dan yiqilib, halok bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
05 Sentabr 14993 2 daqiqa
Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi toqqa sayrga chiqqan o‘zbekistonlik yigit daradan yiqilib, halok bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 sentyabr kuni Turkiston viloyati FVB 112 raqamiga 1996 va 1997 yilda tug‘ilgan ikki yigitning yo‘qolib qolgani haqida qarindoshidan xabar kelib tushgan. Ular 31 avgust kuni Chimkent shahridan toqqa yo‘l olgan va qaytib kelmagan. Murojaat kelib tushgach, darhol qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Qidiruv ishlari dengiz sathidan 2200 metr balandlikda, “Sayram-Ugam” milliy tabiat bog‘i hududida, Qasqasu qishlog‘idan 8 km uzoqlikdagi Sayramsu cho‘qqisi atrofida olib borilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari xavfli tog‘ hududida o‘tkazilgan. Operatsiya davomida FVV qutqaruvchilari “Yaxshi niyat o‘yinlari” dovoni hududida sayyohlardan biri bilan ovozli aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. Uning aytishicha, 1996 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi daraga qulab, halokatli jarohatlar olgan.
Murakkab relef va qoyali hudud sababli vertolyot voqea joyiga yaqinlasha olmagan va qutqaruvchilar yo‘lni piyoda davom ettirgan. Qutqaruvchilar tashabbusi bilan Chimkentdagi bazadan Qozog‘iston Alpinistlar Federatsiyasining besh nafar professional alpinisti olib kelingan va ular qutqaruvchilar bilan birga qidiruv va evakuatsiya ishlarini davom ettirgan. Alpinistlar maxsus jihozlardan foydalanib, qoyalardan ko‘tarilib, tirik qolgan sayyohni hamda halok bo‘lgan shaxsning jasadini topgan. Jarohatlangan sayyoh va marhumning jasadi pastga tushirilgan.
Qutqarilgan yigitni ot yordamida tog‘ etagiga, uni qarindoshlari kutayotgan joyga evakuatsiya qilishgan. Halok bo‘lgan shaxsning jasadi ham tushirilib, politsiya xodimlariga topshirilgan.
Qutqaruv operatsiyasida jami 18 nafar shaxsiy tarkib, FVVning 5 dona texnikasi, o‘rmon xo‘jaligi, politsiya bo‘linmalari, Qozog‘iston Alpinistlar Federatsiyasi alpinistlari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari va FVV “Qazaviaspas” vertolyoti jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Kuraginskiy tumanidagi konda 30 yoshli o‘zbekistonlik erkak tog‘ massasi bosib qolishi oqibatida vafot etgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi