Germaniya Rossiya biqinida 12 ming dona dron joylashtirmoqchi
Olam
−
29 Oktabr 3994 2 daqiqa
Germaniya hukumati 12 000 ta jangovar – o‘zini qurbon qiluvchi dron uchun uchta mudofaa kompaniyasiga jami 900 million yevro ajratmoqchi. Ushbu dronlar Germaniyaning Litvadagi brigadasiga yetkazib beriladi. Uchala kompaniya Ukrainaning Qurolli kuchlari bilan ham hamkorlik qiladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor uch nafar manbaga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
“Bundestag qo‘mitasi tomonidan ma’qullangach, har biri 300 million yevrodan bo‘lgan shartnomalar ikkita startap va Germaniyaning mudofaa sanoatidagi yirik – Yevropadagi eng katta qurol ishlab chiqaruvchisi Rheinmetall’ga berilishi kutilmoqda”, deydi manbalar.
Rheinmetall AQSHning Anduril va Isroilning UVision kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi va aynan joriy yilning sentyabr oyida o‘zining birinchi jangovar dronini taqdim etgan. Helsing va Stark startaplari esa, asosan, pilotsiz texnologiyalarga ixtisoslashgan.
Helsing – Yevropa mudofaa startaplari orasida eng yiriklaridan biri bo‘lib, jalb qilingan investitsiyalar asosida uning qiymati taxminan 12 milliard yevroga baholangan. Investorlardan biri – Spotify asoschisi Daniel Ek. O‘tgan yil davomida Helsing Ukrainaga 6000 ta jangovar dron yetkazish rejalasini e’lon qilgan va Germaniyaning Grob Aircraft samolyot ishlab chiqaruvchisini sotib olgan. Stark investorlari orasida Sequoia Capital venchur fondi va PayPal hamda Palantir hamkorlaridan biri – milliardevr investor Piter Til ham bor. Stark’ning Ukraina bo‘ylab dronlarni ishlab chiqish va sinov jamoasi ham faoliyat yuritadi.
Ushbu uch ishlab chiqaruvchidan olinadigan dronlar ham Litvaga yuborilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etish joiz, NATO sharqiy qanotini dronlar bilan ta’minlash zarurati so‘nggi oylar davomida dolzarb masalaga aylandi. Bunga Rossiyaga oid dronlarning Polsha va Ruminiyaga kirishi, shuningdek, Germaniya, Daniya, Norvegiya va Belgiya hududlarida noma’lum dronlarning qayd etilish hollari kuzatilgani sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Prezidenti Gitanas Nauseda Rossiya harbiy samolyotlari Litva havo hududini buzgani va xalqaro huquqlarni ham chetlab o‘tganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Nauseda Litva Tashqi ishlar vazirligi ushbu “ehtiyotsiz va xavfli xatti-harakatlar”ga qarshi norozilik bildirish uchun Rossiya elchixonasi vakillarini chaqirishini aytgan.