AQSH va Ukraina: Tinchlikka erishish bevosita Rossiyaga bog‘liq
Olam
−
06 dekabr 2032 2 daqiqa
AQSH va Ukraina delegatsiyalari so‘nggi ikki kunda ikkinchi, so‘nggi ikki haftada oltinchi uchrashuvni o‘tkazdi. Tomonlar AQSH delegatsiyasining yaqinda Rossiyaga qilgan tashrifi natijalarini va Rossiyaning harbiy agressiyasini tugatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qildi. Bu haqda kecha, 5 dekabr kuni kechqurun Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarovning ma’lum qildi.
Qator agentliklarning xabariga ko‘ra, uchrashuvda Ukrainaning urushdan keyingi tiklanishi va qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar ham ko‘rib chiqilgan. Umarovning aytishicha, bugun, 6 dekabr kuni tomonlar muzokaralarni davom ettirish uchun yana yig‘iladi.
Umarov uchrashuv haqida qo‘shimcha tafsilot bermagan, ammo Ukraina uchun asosiy maqsad – davlat mustaqilligi, hududiy yaxlitlik va fuqarolar xavfsizligini kafolatlovchi siyosiy yechim ekanini tasdiqladi. Ukraina delegatsiyasida Qo‘shinlar Bosh shtabi boshlig‘i, general Andrey Gnatov ham ishtirok etmoqda. AQSH tomonidan esa Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Oq uy rahbarining kuyovi Jared Kushner muzokaralarda qatnashmoqda.
Mayamidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kiyev va Vashington ehtimoliy tinchlik kelishuviga erishishdagi real siljishlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga bog‘liq ekanini xulosa qilgan.
“Har ikki tomon Rossiyaning deeskalatsiya va odamlar halokatiga chek qo‘yishni o‘z ichiga olgan uzoq muddatli tinchlikka jiddiy harakat qilishga tayyorligi mavjud bo‘lsagina, haqiqiy siljish bo‘lishi mumkinligiga rozi bo‘ldi”, deyiladi Uitkoff va AQSH Davlat departamentining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan qo‘shma bayonotida.
Mayamidagi muzokaralar 2 dekabr kuni Moskvada Vladimir Putin bilan Uitkoff va Kushnerning deyarli besh soatlik uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomoni o‘shanda “muqarrar yechim yo‘q”, deya bayonot bergan edi.
“Axios” nashri manbasining aytganicha, amerikaliklar Putin bilan uchrashuv tafsilotlarini Ukrainaga to‘liq yetkazgan va kelishmovchiliklarni yumshatishga yordam beradigan yangi g‘oyalarni ham taqdim etgan. Nashrning qayd etishicha, Ukraina va Rossiyaning rasmiy pozitsiyalari hozircha bir-biridan keskin farq qilsa-da, AQSH rasmiylari hali ham eng murakkab masala – hududiy masala bo‘yicha ham yondashuv topish mumkinligiga ishonishadi.
AFP agentligining ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarning asosi AQSH tomonidan deyarli uch hafta avval ishlab chiqilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga tayanadi. Dastlabki loyiha Rossiya manfaatlariga “juda mos” deb baholangan va Ukraina hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari talabidan so‘ng qayta ishlangan. Ilk variantga ko‘ra, Ukraina NATOga kirishdan voz kechishi, armiyasini qisqartirishi va Donbassni to‘liq Rossiyaga berishi kerak edi. Yangilangan rejaning tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr