21 soatlik muzokaraning 0 ga teng natijasi yoxud urushning kutilmagan g‘oliblari

Tahlil

Urushlar muammolarni hal qilmaydi, ularni yaratadi. 2026 yilning 28 fevral kuni boshlangan urushdan AQSH va uning ittifoqchilari “tezkor natija” kutgandi, ammo 11–12 aprelga kelib, Islomobodda o‘tgan 21 soatlik muzokaralar ham hech narsani o‘zgartira olmadi — na urush tugadi, na vaziyat soddalashdi. Ushbu mojaroning eng absurd jihati shundaki, urushdan oldin foydalanish uchun ochiq bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi bugun Vashingtonning “asosiy muzokara sharti”ga aylanib qoldi: ya’ni avval shundoq ham mavjud narsa endi qaytarib berilishi kerak bo‘lgan “yutuq” sifatida sotilmoqda. Urushdan oldin Tramp ritorikasida yadroviy dastur birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, bugun shu hujumlar natijasida yopilgan suv yo‘li oliy darajaga ko‘tarildi. Oq uy hech bo‘lmaganda urushdan oldingi vaziyatni ham qaytara olmayotgani juda ham kulgili aslida.

Aprel boshida qisqa muddatli sulh e’lon qilinib, Eron uni ochishga rozi bo‘lgani aytilgan bo‘lsa-da, bir necha kun ichida vaziyat yana ortga qaytdi. Isroil hukumatining Livanga hujumlari bugun muammoni chuqurlashtirmoqda.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy o‘yinning yana bir qiziq jihati, bu mojaro ichida hech kim haqiqiy g‘olib emas, tashqaridagi kuzatuvchilarning bundan foyda ko‘rayotganidadir. Na AQSH o‘z talablarini o‘tkaza olmoqda, na Isroil xavfsizlik muammosini yopdi, na Eron bu urushda to‘laqonli foydadaman deya oladi. Har qaysi tomon “g‘alaba” haqida gapiryapti, lekin real yutuq boshqalarning qo‘lida to‘planmoqda. Bugun sizlar bilan ushbu maqolada (videoda) mantiqsizlikka botgan urushdan mantiq qidiramiz.

AQSHdan muvaffaqiyatsiz “yurish”

2026 yil 11–12 aprel kunlari Islomobodda o‘tkazilgan AQSH–Eron muzokaralari rasmiy Vashington uchun kutilgan diplomatik g‘alabaga aylanmadi. Aksincha, 21 soat davom etgan muzokaralar hech qanday kelishuvsiz yakunlanib, AQSHning mintaqadagi siyosiy va harbiy “yurishi” muvaffaqiyatsizlik bilan tugaganini ko‘rsatdi. Eron talabiga muvofiq AQSH delegatsiyasiga vitse-prezident JD Vens boshchilik qilgan bo‘lsa, Eron tomonidan Parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibof, Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va qator yuqori darajadagi diplomatik vakillar qatnashdi. Muzokaralarning asosiy maqsadi urushni to‘xtatish va vaqtinchalik sulhni barqaror kelishuvga aylantirish edi.

Ammo asosiy kelishmovchiliklar hal qilinmadi. Xususan, strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat masalasi muzokaralarning eng keskin nuqtasiga aylandi. AQSH bu hududda erkin navigatsiyani tiklashni talab qilgan bo‘lsa, Eron uni o‘z xavfsizlik zonasi sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Go‘yoki, Tehron Trampning “nozik nuqtasini” topib olgandek, endi uni qo‘yib yuborishni xohlamayapti, bo‘g‘ozni o‘z nazoratida saqlab qolishni ko‘zlamoqda.

“Biz hozir 21 soatdan beri muzokaralar olib boryapmiz va eronliklar bilan bir qator mazmunli muhokamalar o‘tkazdik. Bu — yaxshi yangilik. Yomon yangilik shundaki, biz hali kelishuvga erisha olmadik. Va men shu yana ayta olamanki, bu xabar AQSHdan ham ko‘ra Eron uchun ko‘proq yomon xabardir”, dedi Amerika delegatsiyasi rahbari.

Shu bilan birga, Tehron AQSH banklaridagi muzlatilgan milliardlab dollar aktivlarini qaytarish, sanksiyalarni bekor qilish va urush uchun kompensatsiya talabini ilgari surdi. Ammo bu Oq uydagilarning manfaatlariga u qadar ham to‘g‘ri kelmayotgan ko‘rinadi.

“AQSH Eronning mantig‘i va tamoyillarini tushundi, endi esa, ular bizning ishonchimizni qozona oladimi yoki yo‘qmi — shuni hal qilish vaqti keldi”, dedi Qolibof X platformasidagi postida.

Muzokaralar fonida harbiy harakatlar ham to‘xtamadi. 11 aprel kuni AQSH harbiylari Fors ko‘rfazida minalarni tozalash operatsiyasini boshladi, bu esa amalda muzokaralarga parallel ravishda bosim siyosati olib borilganini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, AQSH harbiy kemalarining bo‘g‘ozdan o‘tishi Eron tomonidan ochiq tahdidlar bilan qarshi olindi.

Eng muhim jihat shundaki, bu muzokaralar aslida teng sharoitdagi diplomatiya emas edi. AQSH Eron oldiga bir qator maksimal talablar qo‘ydi: yadroviy dasturdan to‘liq voz kechish, raketa dasturini to‘xtatish va bo‘g‘ozni to‘liq ochish. Eron esa buni suverenitetga tahdid sifatida qabul qildi va doimgidek rad etdi. Tomonlarning hech biri kompromisga kelishga urinmayapti, hech kim o‘z talablarining atiga bittasini bo‘lsa-da o‘zgartirmoqchi emas. Natijada muzokaralar “kelishuv sari qadam” emas, balki pozitsiyalarni yanada keskinlashtirgan jarayonga aylandi.

Mutaxassislarning fikricha, bu muvaffaqiyatsizlikning yana bir muhim omili — AQSHning haddan tashqari optimistik va ba’zan real vaziyatdan uzilgan yondashuvi bo‘ldi. AQSH prezidenti muzokaralar davomida ham “urushda allaqachon yutildi” degan bayonotlar bilan chiqdi. Bu esa diplomatik jarayonni zaiflashtirdi va qarama-qarshi tomonda ishonchsizlikni kuchaytirdi.

Natijada, Islomobod muzokaralari AQSH uchun strategik jihatdan ikki tomonlama yo‘qotish bo‘ldi: bir tomondan diplomatik kelishuvga erishilmadi, ikkinchi tomondan esa, harbiy bosim ham Eronni murosaga majbur qila olmadi. Aksincha, mintaqada beqarorlik davom etmoqda — Livanda zarbalar, Hormuzda keskinlik va global energetika bozorlarida noaniqlik kuchaymoqda.

Qisqa qilib aytganda, AQSHning bu “yurishi” sulhga hali uzoq ekanligini, tomonlar hali kelishishga tayyor emasligini ko‘rsatdi. G‘alaba qilish imkoni yo‘q bo‘lgan bu urushda g‘oliblik statusiga chiranish oxir-oqibat sharmandali mag‘lubiyat tomon yetaklaydi.

Haqiqiy g‘oliblar kimlar?

Muammo shundaki, urushda millardlab dollarlar sarf qilayotgan tomonlar emas, bir chetda jimgina kuzatib turganlar kutilmaganda foydani ilib ketmoqda. Xo‘sh ular kimlar?

AQSH-Isroil-Eron urushi global siyosatdagi eng paradoksal holatlardan birini yuzaga chiqardi: jang maydoni Yaqin Sharqda, ammo real iqtisodiy yutuq Moskvaga ketmoqda. “Vladimir Putin uchun bu mojaro deyarli “tayyor sovg‘a” bo‘ldi”, deb yozadi “Chatham House” tahlil markazi.

Gap shundaki, 2026 yil 4 mart kuni Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi bilan global neft bozorini izdan chiqardi. Natijada “Brent” nefti narxi 100–120 dollar oralig‘iga sakradi, bu esa sanksiyalar ostida qolgan Rossiya iqtisodiyotiga kutilmagan “tuhfa” bo‘ldi. “Reuters” hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat aprel oyining o‘zida Rossiyaning neft daromadi qariyb 9 milliard dollarga yetib, deyarli ikki baravar oshgan.

Bu faqat narxlar masalasi emas. AQSH tomonidan vujudga kelgan neft inqirozini oldini olish uchun Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatilishi ham Kreml uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. Natijada, 2022 yildan beri davom etayotgan Rossiya–Ukraina urushi uchun zarur moliyaviy ta’minot yana tiklana boshladi. Ukraina urushini bir sutkada tugatish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan Prezident Tramp bugun Ukrainadagi mojaroning yanada cho‘zilishiga sababchi bo‘lib qolmoqda. Ya’ni, Yaqin Sharqdagi urush bevosita Sharqiy Yevropadagi urushni “sun’iy nafas apparati”ga ulab qo‘ydi.

Yana bir muhimroq jihat — siyosiy e’tiborning siljishi bo‘ldi. 2026 yil mart–aprel oylarida Vashingtonning asosiy resurslari va diplomatik diqqati Eron frontiga yo‘naltirildi. Natijada Ukraina masalasi ikkinchi darajaga tushib qoldi. Kiyevga yuborilayotgan yordam asta-sekin kamayib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, bu holat Rossiya uchun strategik yengillik yaratdi. Nafaqat AQSH, balki G‘arbiy Yevropaning ham harbiy yordam oqimi sekinlashdi, diplomatik bosim pasaydi.

Shunday qilib, ajoyib paradoks yuzaga keldi. Bir raqibini zaiflashtirish ilinjida Tramp ikkinchisini kuchaytirmoqda. Energiya narxlarining oshishi, sanksiyalarning nisbiy yumshashi va global e’tiborning boshqa tomonga burilishi Kreml uchun uch karra foyda bo‘ldi.

Ba’zi mutaxassislarning fikriga ko‘ra, global vaziyatdan foyda ko‘rayotgan yana bir tomon bor. Bu ham bo‘lsa Xitoy. Qaysidir ma’noda dunyoning eng qudratli davlatining bugun yuzaga keltirayotgan beqarorliklari va ularni jilovlay olmay qolgani strategik va iqtisodiy dividendlarni asta-sekin Pekin tomonga yo‘naltirilishiga sabab bo‘lmoqda. “Deutsche Welle” tahlillariga ko‘ra, bu mojaro Xitoy uchun bevosita harbiy ishtiroksiz ham foyda keltirayotgan kam sonli geosiyosiy vaziyatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Hormuz atrofidagi keskinlik global energiya tizimini izdan chiqargani, natijada neft narxlari keskin oshishi, logistika zanjirlarining uzilishi ko‘plab davlatlarni energiya xavfsizligi masalasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Aynan shu nuqtada Xitoyning strategik yutug‘i boshlanadi. Pekin uzoq yillardan beri neftga qaramlikni kamaytirish va elektrlashtirish siyosatini yuritib kelayotgan edi. Urush esa bu siyosatni “majburiy trend”ga aylantirdi. “DW” va boshqa tahlillarga ko‘ra, energiya inqirozi fonida ko‘plab davlatlar qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishni tezlashtirdi va bu bozorning asosiy texnik ta’minotchisi aynan Xitoy bo‘lib qoldi. Quyosh panellari, batareyalar va elektr transport vositalariga global talab oshib, Xitoy kompaniyalari eksport hajmini sezilarli kengaytirdi.

Bundan tashqari, Pekin bu urushda o‘zini “neytral vositachi” sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. 9 aprel kuni Xitoy rasmiylari tomonlarni sulhga chaqiruvchi bayonot berdi. Bu esa AQSHdan farqli o‘laroq, Xitoyni “barqarorlik tarafdori” sifatida ko‘rsatib, uning diplomatik imijini kuchaytirdi. Ya’ni davlatlar endi xalqaro tinchlikni himoyachisi sifatida Vashingtonni emas Pekinni ko‘rmoqda.

Albatta, urush Xitoy uchun faqat foyda emas — energiya importi xavf ostida qoldi, narxlar oshdi. Ammo muhim farq shundaki, Pekin bu inqirozni uzoq muddatli strategik imkoniyatga aylantira olayotganga o‘xshaydi. Energiya transformatsiyasi tezlashmoqda, diplomatik pozitsiyalar mustahkamlanmoqda va global iqtisodiy ta’sir kengaymoqda.

Xulosa qilib aytganda, 2026-yilgi Eron urushi yana bir haqiqatni ko‘rsatdi: zamonaviy urushlarda g‘alaba har doim jang maydonida aniqlanmaydi. Ba’zida eng katta foydani o‘q uzmagan, lekin to‘g‘ri strategiya tanlagan davlatlar ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Eron Xitoy Islomobod Abbos Aroqchi Hormuz muvaffaqiyatsiz “yurish” JD Vens Muhammad Boqir Qolibof

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing