Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Rossiya armiyasiga yollanib, Ukraina bilan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik erkakning ozodligi 3 yil 6 oyga cheklandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan erkak Yu.A. 2024 yilning 25 noyabr kuni ishlash maqsadida Rossiyaga borgan. U ma’lum muddat kirakashlik qilgan va 2025 yilning avgust oyida oddiy askar sifatida Rossiya armiyasiga yollangan. Shundan so‘ng u harbiy qismda tayyorgarlikdan o‘tib, Kursk viloyati hududida Rossiya – Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Erkak 2025 yilning 9 sentyabr kuni Ukraina tomonidan otilgan snaryad portlashi oqibatida chap yelkasi va chap oyog‘idan tan jarohat olgan. U davolanish uchun Moskva viloyati Krasnogorsk shahridagi Vishnevskiy nomli harbiy gospitalga joylashtirilgan va u yerda olgan tan jarohatlari bo‘yicha bir necha marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Shundan so‘ng erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirokini davom ettirish niyatidan qaytgan. 2025 yil 21 oktyabr kuni Moskva shahridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasidan ortga qaytish guvohnomasini olib, 22 oktyabr kuni “Moskva-Toshkent” yo‘nalishi orqali Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga uchib kelgan. 

Joriy yilning 24 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda Yu.A. aybiga qisman iqror bo‘lib, ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, 2025 yilning 12 fevral kuni kirakashlik qilib, 2 yo‘lovchini olib ketayotganida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Shunda yo‘lovchilardan giyohvandlik moddalari topilgan va uni ham yo‘lovchilarning sherigi sifatida qo‘lga olishgan. Yu.A. ning bildirishicha, u tergov jarayonida IIO xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan va Rossiya armiyasiga yollanishga majburlangan. Shundan so‘ng u Donetsk shahridagi harbiy poligonga olib borilib, urushga tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. 2025 yilning 9 sentyabr kuni Kursk viloyatiga ketayotganda ularning mashinasiga snaryad urilgan. Oqibatda u bilan birga avtomobilda bo‘lgan 3 kishi halok bo‘lgan. Ushbu voqeadan so‘ng Yu.A. Moskva viloyatidagi harbiy gospitalga yuborilgan. Erkakning aytishicha, u ahvoli biroz yaxshilangandan so‘ng gospitaldan qochgan va O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga borib, ortga qaytish uchun hujjat olgan. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Yu.A. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi va 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan bilan uzil-kesil shifoxonaga borish va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda yashash joyidan chiqishini cheklashdan iborat 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rossiya tomonidan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik erkakka 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya urush Yollanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing