Qo‘li qonga belangan kundosh – Hafta tahlili
Tahlil
−
02 may 2660 15 daqiqa
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,8 million so‘mga yetgan, poytaxtda esa bu ko‘rsatkich 11 milliondan oshgan bir paytda, mamlakat hayotidagi boshqa muhim voqealar ham kun tartibidan joy oldi. Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi ishi kutilmaganda to‘xtatildi, Farg‘onada tarix va turizmni uyg‘unlashtirgan ulkan loyihalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, Sirdaryo va Denovdagi qonli voqealar jamoatchilikni larzaga soldi. Otabek Bakirov ishi esa, sud tizimiga oid ko‘plab savollarni kun tartibiga olib chiqdi. Hafta davomida yuz bergan eng muhim voqealar tafsiloti — QALAMPIR.UZ dayjestida.
Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi jinoiy ishi tugatildi
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond forum Vasiylik kengashi raisi, bir qancha iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hozirda hibsda saqlanayotgan 53 yashar Gulnora Karimova ustidan Shveysariyada sud boshlandi. Ammo pul yuvish bo‘yicha sud jarayoni uzoqqa cho‘zilmay, Gulnora Karimovaga O‘zbekistonni tark etishiga ruxsat berilmagani vaji bilan to‘xtatildi.
Bungacha har qanday ayblovlarni rad etgan Karimova pora olishda va 2005—2013 yillar davomida Shveysariyadagi hisob raqamlariga yuzlab million dollarlarni yo‘naltirgan “Ofis” nomli jinoiy tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanayotgan edi.
Karimovaning advokati Greguar Manjeaning aytishicha, Shveysariya Federal jinoiy sudi tomonidan Gulnora Karimova foydasiga chiqarilgan qaror Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra oqlovga tengdir. Sud jarayonni davom ettirish uchun doimiy to‘siq mavjud, deb hisoblagan.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda 2028 yil dekabrigacha qamoq jazosini o‘tamoqda. Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati esa, aynan o‘sha yili tugaydi.
Shveysariya Bosh prokuraturasining da’vosiga ko‘ra, Gulnora Karimova O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora undirish bilan shug‘ullanuvchi “ofis” deb nomlangan keng tarmoqli tarmoq tuzgan. 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova va uning biznes sherigiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Ular korrupsiya, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvishda ayblanayotgan edi.
2015 yilda Jenevadagi Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi tergov ostiga olingan. U 2008–2012 yillar davomida “Idora”ga aloqador shaxslar uchun bank hisoblari ochish va boshqarish orqali mablag‘larning kelib chiqishini yashirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan. 2017 yilda esa, ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitildi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda turistik markazlar shu qadar ko‘payyaptiki, ularni borib ko‘rishga vaqt yetmayapti. Mart oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi muzeyi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirildi. Endi navbat Farg‘onaga. Viloyatda ishlar jadal. Tugayotgan haftaning o‘zida bir necha yirik markazlar ochilishi o‘tkazildi. Biri Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi bo‘lsa, ikkinchi “Karkidon” suv ombori hududidagi turistik majmua. Xullas, tugayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga bordi.
“Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va ma’rifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Ma’rifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.
Biz ana shunday qudratli ma’naviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi”, dedi Prezident.
Davlat rahbari eng avvalo Qo‘qonda barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bilan tanishdi. Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga mo‘ljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda. 84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy o‘quv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Tayyor ta’mirli xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlang‘ich to‘lov asosida, yillik 16 foiz stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.
Qo‘qon Prezident Shavkat Mirziyoyevga begona emas. Davlat rahbarining turmush o‘rtog‘i Ziroat Mirziyoyeva Qo‘qondan. Prezident Qo‘qondan Marg‘ilonga yangi elektropoyezdda bordi. Gap shundaki, Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi 324 kilometrlik yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Chipta narxi bor-yo‘g‘i 15 ming so‘m. U kuniga 1,5 ming yiliga 600 ming yo‘lovchiga xizmat qiladi.
Yangi poyezd Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodida ishlab chiqarilgan. Olti vagondan iborat, 586 o‘rinli poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan tanishib, uning ochilish marosimida ishtirok etdi.
35 gektar maydonni egallagan majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalari singari ko‘plab bino va inshootlarni o‘z ichiga oladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor tashkil etiladi.
Rejaga ko‘ra, majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratilishi, byudjetga 52 milliard so‘m tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti ta’minlanishi mumkin.
Shuningdek, Prezident Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida ham bo‘lib, u yerda tahsil olayotgan yosh futbolchilar bilan muloqot qildi.
Davlat rahbari tashrifning ikkinchi kunida viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Farg‘onani iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalasi muhokama qilingan. Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo Prezident Shavkat Mirziyoyevning yodiga eski davrlarni soldi.
Ayniqsa, farg‘onalik shoir, O‘zbekiston qahramoni Erkin Vohidov, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov bilan bog‘liq xotiralar jonlandi. Ular “zapret”ga tushgan yillarda Shavkat Mirziyoyev bilan muloqotni saqlab qolgani, Prezident doim ularning xolidan xabar olib turgani eslandi.
Erkin Vohidovning nevara kuyovi – Sanjar Karimovning sud ishi nihoyalab qoldi
Marhum shoir Erkin Vohidov eslanganda shu masalaga to‘xtalib o‘tmasak va tarmoqdagi ba’zi gaplarga barham bermasak bo‘lmas. Ha, tarmoqda yozilayotganidek “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor-bloger Sanjar Karimov va bugun Interpol orqali qidiruvga berilgan “Ravshan zolotoy” nomini olgan Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning nabira kuyovlari. Ammo, ularning jinoiy javobgarlikka tortilishi, sud qilinishi va qidiruvga berilishi shoirning adabiyot, madaniyatga qo‘shgan ulkan hissasi, o‘zbek xalqi uchun qoldirgan boy ma’naviy merosi, shoirning yorqin xotirasiga soya solmasligi kerak.
Sanjar Karimovga oid jinoiy sud ishida, Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori o‘rinbosari Navruzbek Saparov suddan ayblanuvchiga nisbatan bir qator moddalar bo‘yicha jazo tayinlashni so‘radi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bo‘yicha BHMning 25 barobari miqdorida jarima, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi bo‘yicha BHMning 500 barobari miqdorida jarima hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi talab qilindi.
Davlat ayblovchisi Sanjar Karimovning uyida o‘tkazilgan 2025 yil oktyabr oyidagi kechiktirib bo‘lmas tezkor tadbirda ayblanuvchining xonadonidan Karimovning shaxsiy buyumini “o‘ynab” olib chiqib ketgan IIB xodimiga nisbatan xususiy ajrim chiqarishini so‘radi.
Majlisda jabrlanuvchi Shahlo Alimbayeva uy-joyni qaytarib olgani bois, Sanjar Karimovga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi.
Shuningdek, ikkinchi jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayevaga ham so‘z berildi. U o‘g‘li Shahzod Rismatov $220 ming dollar evaziga garovga qo‘ygan ikki dona BMW rusumli avtomobil bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun Sanjar Karimovdan $300 ming dollar undirishni so‘radi.
So‘z Karimovning himoyachilariga berildi. Advokatlar tomonidan prokurorning ayblov xulosasiga e’tiroz bildirildi. Unga ko‘ra, davlat ayblovchisining vajlari sud tergovidan oldingi ayblovlar bilar bir xil. Sud majlislari davomida, guvohlar so‘roq qilinganda aksar ayblovlar o‘z isbotini topmagan.
Bundan tashqari, Sanjar Karimovning uyida o‘tkazilgan tintuv jarayonida boshqa aloqador bo‘lmagan xodimlar ham ishga aralashgani hamda yetarlicha xolislar ishtirokida tintuv ishlari amalga oshirilmagani sababli, ashyoviy dalillar va tintuv jarayoni nomaqbul deb topilishi iltimos qilindi.
Sud tergovi davomida Sanjar Karimov Alimbayevlarga tegishli bo‘lgan uy-joy va garovdagi 2 ta avtomobil uchun Shahzod Rismatovga 220 ming AQSH dollari bergani aniqlangandi. Karimov Alimboyevlarga ushbu uy-joyni hadya qilib qaytarib bergani uchun uni ayblanuvchi emas, balki jabrlanuvchi deb e’tirof etish so‘raldi. Hozirda sud jarayoni davom etmoqda.
Sirdaryolik ayol kundoshi va uning 5 yashar qizini pichoqladi
Sirdaryo viloyatining Shirin shaharchasida norasmiy nikohdagi ayol erining qonuniy xotini va uning 5 yoshli qizini pichoqlab o‘ldirdi.
Holat joriy yilning 29 aprel kuni sodir bo‘lgan. 29 yoshli ayol erining ikkinchi xotini tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Hodisa vaqtida ayolning 3 va 5 yoshli qizlari ham pichoqlangan. Oqibatda 5 yoshli qizcha voqea joyida vafot etgan, 3 yoshli qizcha og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borilgan.
Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo viloyati o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “v”, “j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi N.X. protsessual tartibda ushlangan.
Denovda 32 yoshli erkak jinoiy to‘da tomonidan o‘ldirildi
Surxondaryo viloyatining Denov shahrida 32 yoshli erkak zo‘ravonlar tomonidan urib o‘ldirildi. Denov shahri “Bog‘ishamol” mahallasi hududida joylashgan avtomoyka oldida 1970 yilda tug‘ilgan shaxs hamda uning farzandi 32 yashar farzandini pul oldi-berdi masalasida oldindan o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan 1989 yilda tug‘ilgan jiyani hamda uning 30 yoshli ikki va 29 yoshdagi bir – jami uch sherigi urib, tan jarohati yetkazib, so‘ng Gentra avtomashinasida voqea joyidan olib ketgan.
Shu kuni Denov tuman Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan jabrlanuvchi 32 yashar yigit hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, vafot etgan.
Holat ortidan Denov tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “k”, “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘rt nafar ishtirokchi protsessual tartibda qamoqqa olingan. Keyinroq ish Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.
O‘zbekistonda so‘z erkinlik darajasi baholandi
Qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni oldidan dunyoning 180 ta mamlakatidagi so‘z erkinligi holatini baholovchi 2026 yilgi matbuot erkinligi indeksini taqdim etdi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu sohada jiddiy muammolari bo‘lgan davlatlar qatorida qolmoqda.
O‘zbekiston reytingda 147-o‘rinni egalladi. Mamlakat o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona yuqorilagan bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichlar yomonlashgan. 2026 yilda respublika 100 balldan 34,95 ball to‘plagan, 2025 yilda esa, bu ko‘rsatkich 35,24 ballni tashkil etgan.
Tashkilot ekspertlari O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni “juda jiddiy” toifaga kiritishda davom etib, media muhitidagi cheklovlar va zaifliklar saqlanib qolayotganini qayd etmoqda.
Dunyo miqyosida tashkilot ahvolning yomonlashayotganini kuzatmoqda: mamlakatlarning qariyb 75 foizida matbuot erkinligi “muammoli” yoki “o‘ta og‘ir” deb baholanmoqda. Davlatlarning yarmidan ko‘pi “murakkab” yoki “juda jiddiy vaziyat” toifalarida joylashgan. So‘nggi yillarda jurnalistlar ishlashi uchun qulay sharoitlarga ega mamlakatlar soni keskin kamaygan, OAVga siyosiy, iqtisodiy va huquqiy mexanizmlar orqali bosim kuchaymoqda.
Indeksda an’anaviy tarzda Shimoliy Yevropa davlatlari – Norvegiya, Daniya va Niderlandiya yetakchilik qilmoqda. Norvegiya ketma-ket o‘ninchi yil birinchi o‘rinni egallab turibdi. Reytingning so‘nggi qatorlarida OAV uchun eng qattiq cheklovlar amal qiluvchi davlatlar, jumladan, oxirgi o‘rindagi Eritreya joylashgan.
Postsovet mamlakatlari orasida turli yo‘nalishdagi dinamika kuzatilmoqda. Masalan, Rossiya 172-o‘ringa tushib ketdi va pasayishda davom etmoqda. Belarus 165-o‘rinni egallab turibdi. Turkmaniston 173-pog‘onada joylashgan.
Shu bilan birga, Moldova o‘z natijasini yaxshilab, 31-o‘ringa ko‘tarildi. Ukraina harbiy holatga qaramay 55-o‘ringa ko‘tarilgan. Armaniston ham o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan, Gruziya esa, 21 pog‘ona yo‘qotib, 135-o‘ringa tushib qolgan.
“Chegara bilmas muxbirlar”ning qayd etishicha, global vaziyatning yomonlashuvi jurnalistlarga bosimning ortishi, qonunchilikdan matbuot erkinligini cheklash maqsadida foydalanish va OAV xodimlari xavfsizligiga tahdidlar sonining ko‘payishi bilan birga kechmoqda.
“Svet” o‘chishni tanqid qilgan blogerning sudi kechiktirildi
O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlar tomonidan matbuot erkiniligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani qayd etib turilgan bir paytda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning iqtisodchi, bloger, mamlakatdagi energetik tizimning asosiy tanqidchilaridan biri bo‘lgan Otabek Bakirov ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga kiritgan arizasi qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan Sag‘bon podstansiyasiga oid 2023 yilda yozilgan post bo‘yicha prokuratura va IIVga shikoyat arizasi kiritgan edi. Energetika vaziri ushbu post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud, deb hisoblab, bu bo‘yicha Bakirovga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘ragan. O‘sha paytda Energetika vazirining shikoyat arizasi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘sha vaqtdagi bosh boshqarma qarorida AOKAning Energetika vaziri shikoyat arizasida ko‘rsatilgan vajlar mavjud emasligi haqida tegishli ekspertiza xulosasi, shuningdek, shikoyatga sabab bo‘lgan post yozilganiga 1,5 yildan ko‘p vaqt o‘tganligi asos qilib ko‘rsatilgan.
2026 yil 25 mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishini rad etish haqidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risida qaror qilgan. Hozirda ish Yashnobod IIBga tushirilgan. Bakirovga ko‘ra, Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni “2024 yil dekabr oyida metan “zapravka”larda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi”, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida “rejaga chiqish uchun” “paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar” bilan bog‘liq.
Sud 1 may sanasiga belgilangan edi. Belgilangan vaqtga QALAMPIR.UZ doxil mamlakatning boshqa ommaviy axborot vositalari va faollar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi oldida hozir bo‘ldi. Biroq sud jarayoni yaqin hududdagi Yashnobod tumani 2 sonli IIB binosiga ko‘chirilgani ma’lum qilindi. Hamma aytilgan manzilga bordi. Oradan yarim soatdan ko‘proq vaqt o‘tgach esa, yana ish sud binosida ko‘riladigan bo‘lgani ma’lum qilindi. Yig‘ilganlarning barchasi takroran sud binosiga qaytishga, 1 soatga yaqin vaqtini sarsonlikda o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
“Adolatli bo‘ladigan bo‘lsa, sud bu masalani ko‘rmasligi kerak. Chunki, 2024 yilda bo‘lgan holat birinchidan o‘tib ketdi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ma’muriy qilmish ishi oqibati bir yil, ya’ni sud hozir ko‘rmasa, tugatishi kerak. Ikkinchidan, 2026 yil mart holatiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi, ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bunday holatlarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga ko‘ra, bir oy muddat ichida ish ko‘rilishi kerak. Bu muddat ham boy berildi. Agar bugun sud, masalan, Bakirovga nisbatan bironta bir holat ko‘rib, unga huquqiy baho berib, unga nisbatan jazo tayinlaydigan bo‘lsa, bu albatta, noxolis bo‘ladi”, deydi Tashanov.
Xullas, u binodan bu binoga ko‘chilsa ham kutilgan sud majlisi bo‘lmadi. Nega deysizmi? Negaki, belgilangan sudya sud hujjatlarini ko‘rib chiqishi, tanishishi kerak ekan. Shu holatning o‘zi ham mamlakatda sudlar faoliyati bilan bog‘liq qator savollarni ko‘ndalang qo‘yyapti. Odamlarning vaqtichi, qadri, qiymatichi? Nega ish materiallari obdon ko‘rib chiqilmagan ekan, sud kuni, manzili, soati e’lon qilinib, odamlar sarson bo‘ladi? Nega sud ijro hokimiyati binosida o‘tkazilishi kerak? Sud majlisi ichki ishlarda o‘tkazilgudek bo‘lsa, uning mustaqilligiga ishonib bo‘larmidi?
Shahrisabzda yerga ko‘milgan 46 kiloli (kilogrammli) gashish topildi
Qashqadaryoning Shahrisabz tumanidagi dala maydonida ko‘mib ketilgan 46 kg gashish giyohvandlik vositasini olib ketmoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olindi.
1964 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan sudlangan shaxs nazoratga olingan. U Shahrisabz tumanidagi dala maydoniga qop bilan ko‘mib ketilgan 45 kg 768 gr “gashish” giyohvandlik vositasini o‘ziga tegishli bo‘lgan transport vositasiga solib, olib ketmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, transjinoiy uyushmaning O‘zbekistondagi tashkilotchilaridan bo‘lgan bu shaxs 2008 yildan buyon xalqaro jinoiy uyushma tuzgan holda til biriktirib, tizimli ravishda giyohvandlik vositalarini qo‘shni respublikalar orqali O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Profilaktika katta inspektori 10 ming dollar pora bilan ushlandi
Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika katta inspektori 10 ming dollar pora olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
31 yashar inspektor yo‘q joydan birovni aybdorga chiqarish, jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ya’ni 2025 yilning dekabr oyida fuqaroga tegishli MCHJ hujjatlarini soxtalashtirish orqali IT-xizmati ko‘rsatish evaziga firibgarlik yo‘li bilan chet el fuqarosidan 450 ming AQSH dollari olgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va uni javobgarlikka tortishni va’da berib, evaziga 10 ming ko‘kida talab qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, joriy yilning fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan MCHJ bilan bog‘liq firibgarlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Hozirda katta inspektorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda ajrimlar soni ortdi
2025 yil hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har 1000 ta oiladan 175 tasi ajrashmoqda. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ajrimlar bo‘yicha peshqadamlik Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. 2025 yilda respublika bo‘yicha 267 126 nikoh tuzilgan bo‘lsa, 46 914 oila buzilgan.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi