Google sun’iy intellekt bilan ishlovchi yangi noutbukini taqdim etdi
Texnologiya
−
15 may 914 2 daqiqa
Google “The Android Show: I/O Edition 2026” taqdimotida yangi Googlebook noutbuklari liniyasini namoyish qildi. Kompaniya ularni Chromebook’dan keyingi bosqich deb atagan va asosiy e’tiborni Gemini sun’iy intellekti bilan chuqur integratsiyaga qaratmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Googlebook’lar Android va ChromeOS’ni birlashtiradigan yangi platformada ishlaydi. Bu esa, o‘z navbatida Google asta-sekin klassik Chromebook’lar o‘rniga to‘liq AI-noutbuk konsepsiyasiga o‘tayotganini bildiradi.
Ilk qurilmalar 2026 yil kuzida sotuvga chiqishi belgilangan. Ular ustida Acer, ASUS, Dell, HP va Lenovo kompaniyalari ish olib bormoqda.
Googlebook’ning asosiy xususiyatlaridan biri sifatida Glowbar – noutbuk korpusidagi yorug‘lik paneli nazarda tutilgan. Kompaniyaning xabar berishicha, bu oddiy dekorativ yoritish emas, balki alohida funksional element hisoblanadi. Biroq hozircha u aniq nima vazifani bajarishi ochiqlanmagan.
Qurilmaning yana bir qiziq funksiya esa Magic Pointer bo‘lib, u Gemini AI qo‘llab-quvvatloviga ega aqlli kursor bo‘lib, u foydalanuvchi kursorni qaysi elementga olib borganiga qarab amallarni taklif qiladi. Masalan, agar kursor xatdagi sanani aniqlasa, tizim darhol uchrashuv belgilashni taklif qiladi. Agar xona va mebel surati tanlansa, tizim ular birga qanday ko‘rinishini ko‘rsatib bera oladi.
Googlebook Android-smartfonlar bilan ham yaqin integratsiyaga ega bo‘ladi. Foydalanuvchilar mobil ilovalarni noutbukning o‘zida ishga tushira oladi, fayllarni tez o‘tkazadi va qurilmalar o‘rtasida ish jarayonini sinxronlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Internetda anons allaqachon bahslarga sabab bo‘lib ulgurdi. Ayrim foydalanuvchilar Googlebook’ni “Chromebook 2.0” deb atayotgan bo‘lsa, boshqalar Google nihoyat Microsoft va Apple’ning AI-PC qurilmalariga to‘liq raqobatchi tayyorlaganini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google va shu kabi boshqa kompaniyalar O‘zbekiston bozoridagi faoliyati uchun joriy yil boshida qancha soliq to‘lagani haqida ma’lumot berilgan edi.
Live
Barchasi