Ajdaho va Burgut uchrashuvi
Tahlil
−
13 may 1646 8 daqiqa
“Ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamas”. Xitoy va AQSH o‘rtasidagi raqobatni aynan mana shu bir maqol bilan ta’riflash mumkin. Sovuq urush yakunlangach, Yer sharida eng qudratli davlat bo‘lib qolgan AQSHning gegemoniyasi bugun xavf ostida. Mutlaq o‘zga mafkura ostida shiddat bilan rivojlanib, qisqa fursatda AQSHdan keyingi eng qudratli davlatga aylangan Xitoy – bugun xohlaymizmi-yo‘qmi Vashingtonning yagona munosib raqibi bo‘lib turibdi. Ulkan ichki bozor, milliardlab ishchi kuchi, keng geografik maydon va kommunizmning og‘ir badallari evaziga salmoqli iqtisodiy yutuqlarga erishib kelayotgan Pekin ba’zi jabhalarda AQSHdan o‘zib ham ketayotgan ekan, Oq uy ma’muriyati bundan xavotirlanishi, uni o‘ziga raqib sifatida ko‘rishi tabiiy.
Va nihoyat, uzoq kutilgan ikki gegemon davlat o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligining ma’lumot berishicha, joriy yilning 13-15 may kunlari AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoyga oliy darajadagi tashrifni amalga oshiradi. Dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyotiga ega bo‘lgan ushbu davlatlarning rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv butun dunyo siyosiy doiralari tomonidan katta qiziqish bilan kutilmoqda. Negaki, Yaqin Sharqdagi mojarolar girdobida qolgan Trampning o‘z raqibi huzuriga bunday “nochor” ahvolda kelishi, tarozi pallasini Pekin tomonga sezilarli darajada og‘dirish imkonini beradi.
Ikki raqobatchining bu galgi uchrashuvi dunyo geosiyosati va geoiqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Xo‘sh, bu safargi sammitdan nimalarni kutish kerak?
Kechiktirilgan uchrashuv
Aslida, AQSH va Xitoy rahbarlarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi 2025 yil 30-oktyabr sanasida Janubiy Koreyaning Busan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan edi. Bir soat-u qirq daqiqa davom etgan ikki davlat rahbari o‘rtasidagi suhbat davomida tomonlar tariflar, kritik minerallar va logistika kabi qator masalalar yuzasidan kelishib olgandi.
2026 yilning boshida esa, Tramp va Si Szinpin o‘rtasida navbatdagi yuqori darajadagi uchrashuv rejalashtirilgandi. Dastlab, safar 31 martdan 2 aprelgacha bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. O‘z navbatida ushbu tashrif AQSH rahbarining qariyb 10 yildan so‘ng Pekinga qilgan ilk tashrifi bo‘lishi kutilayotgan edi.
Mutaxassislarning fikricha, uchrashuvning maqsadi bir nechta strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi. Eng avvalo, ushbu muloqot savdo mojarolarini yumshatishga yo‘naltirilishi kutilayotgan edi. Xitoyning arzon mahsulotlaridan ichki bozorni himoya qilishni ko‘zlagan Tramp 2018 yilda Xitoyga nisbatan yuqori boj tariflarini joriy qildi va shundan boshlab tarixga “Savdo urushi” nomi bilan kirgan raqobat tomonlar o‘rtasida sovuq munosabatlarning shakllanishiga olib kelgan edi.
Yana bir strategik mavzu – Tayvan bo‘lishi kutilgan edi. Pekin AQSHdan orolga yetkaziluvchi harbiy yordamni kamaytirishni istaydi, Vashington esa Tayvanni Xitoyning bosimidan himoya qilishni davom ettiryapti. Ushbu “chip oroli” ustidan manfaatlarni kelishib olish har ikki davlat uchun muhim edi.
Ammo, Isroilning kutilmagan talabi va keragidan ortiq cho‘zilib ketgan Yaqin Sharqdagi urush barcha rejalarni yumshoq qilib aytganda “chippakka chiqardi”. Tezkor operatsiyalar ortidan g‘alabaga erishilishi kerak bo‘lgan ushbu nizo bugunga qadar Oq uydagilarning asosiy boshog‘rig‘iga aylanib qoldi. Oqibatda, AQSH rahbari Xitoy ma’muriyatidan belgilangan uchrashuvni kechiktirishni so‘radi.
“Biz uni taxminan bir oyga kechiktirishni so‘radik”, deydi Tramp jurnalistlarga.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Erondagi harbiy operatsiyani nazorat qilish zarurati tufayli uchrashuvni ko‘chirishni iltomos qilgandi.
“Prezident Xitoyga tashrifni intizorlik bilan kutmoqda. Sanalar o‘zgarishi mumkin. Oliy bosh qo‘mondon sifatida hozirda uning birinchi galdagi vazifasi – ushbu operatsiyaning keyingi muvaffaqiyatini ta’minlashdir”, deydi u.
Hormuzdagi murakkab vaziyat tufayli Tramp ko‘plab davlatlardan bo‘g‘ozni ochishda yordam so‘radi. Shu jumladan Xitoyni ham kemalarni bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishiga yordam berishga chaqirgandi. Ammo Pekin tomoni bu talabni javobsiz qoldirgach, 15 mart kuni Tramp “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida Xitoy Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordam bermasa, uchrashuvni keyinga qoldirishi mumkinligini aytdi.
Shu yilning 16 mart kuni AQSH G‘aznachilik kotibi Skott Bessentning ma’lum qilishicha, Tramp urush harakatlarini muvofiqlashtirish zarurati tufayli safarni kechiktirgan va buni Oq uyning bo‘g‘ozni nazorat qilishda yordam berishi haqidagi so‘rovi yoki savdo kelishmovchiliklariga aloqasi yo‘q.
“Prezident urush harakatlarini muvofiqlashtirish uchun Vashingtonda qolishni istaydi. Bunday vaqtda xorijga safar qilish maqsadga muvofiq bo‘lmasligi mumkin”, dedi Bessent.
Shu tariqa Erondagi urushni nazoratdan chiqarib yuborgan AQSH o‘z raqibi oldiga “qo‘li bog‘liq” holda borishni istamadi. Natijada, uchrashuv noma’lum muddatga qoldirildi. Trampning rejalarida keyingi bir oy davomida bu urush tugashi kerak edi, ammo ko‘rib turganimizdek bunday bo‘lmadi.
Ajdaho va burgut uchrashuvi
Yaqinda e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, va nihoyat kutilgan sammitning sanalari aniq bo‘ldi. Shu yilning 13-15 may kunlari AQSH rahbari Pekinga tashrif buyuradi. Uzoq cho‘zib yuborilgan urush Xitoy tomonning ham “sabr kosasini to‘ldirdi” shekilli, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning o‘zi Oq uyga rasmiy taklif bilan chiqqani ma’lum qilindi.
Bu ma’lumotni Trampning o‘zi ham Truth Social ijtimoy tarmog‘idagi sahifasida tasdiqlagan.
“Tarixiy tashrif uchun barcha tayyorgarliklar o‘z nihoyasiga yetmoqda”, deydi Tramp.
Tashrif dasturi muzokaralar, tantanali ziyofat va Osmon ibodatxonasiga — qadimgi imperatorlar hosildorlik so‘rab duo qiladigan imperatorlik ibodatxonalari majmuasiga tashrifni o‘z ichiga oladi.
E’tiborli jihati shundaki, kelgusidagi tashrif rasmiyatchilik yuzasidan uyushtirilayotgan navbatdagi tantanavor diplomatik uchrashuv emas, balki bir vaqtning o‘zida uchta yirik inqiroz – AQSH-Xitoy savdo urushi, Eron mojarosi va global texnologik raqobat – kesishgan nuqtada amalga oshmoqda. Balki, aynan shu sabab uchun ham sammit 2026 yilning eng muhim geosiyosiy voqealaridan biri sifatida qaralmoqda. Kun tartibida neft bozori, sun’iy intellekt, Tayvan xavfsizligi va jahon iqtisodiyoti istiqboli kabi qator mavzular turar ekan, bu ikki superkuch markazining qarorlarini ikki davlat o‘rtasidagi aloqa sifatida qabul qilish kamlik qiladi.
Bir necha oy avval Tramp Xitoyga nisbatan yuqori tariflar va iqtisodiy bosim orqali “tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘dirishni” rejalashtirayotgan edi. Ammo vaziyat o‘zgardi. AQSH sudi uning tarif siyosatiga cheklovlar qo‘ydi, Xitoy esa iqtisodiy qarshilikni kuchaytirdi. Ammo eng katta zarba Eron bilan bog‘liq urush bo‘lib qolmoqda. “Reuters” portalining yozishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro Trampning ichki reytingiga jiddiy ta’sir qilgan va prezident endi Pekindan strategik emas, ko‘proq ramziy va tezkor diplomatik yutuqlar kutmoqda.
Ko‘plab mutaxassislarning fikriga ko‘ra, AQSH rahbari Pekin orqali Tehronga ta’sir o‘tkazishni mo‘ljallagan. Xitoy shubhasiz Eronning eng katta hamkorlaridan biri va o‘z navbatida sezilarli katta ta’sirga ham ega. Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limidan so‘ng, qasos o‘tida yonayotgan eronliklarni muzokara stoliga o‘tkazishda aynan Xitoyning “parda ortidagi turtkilari” muhim rol o‘ynagani aytiladi. Bu gal ham Hormuz atrofidagi geosiyosiy chigallikka “chirmashib qolgan” Trampning yagona umidi Si Szinpin hokimiyatidan bo‘lib turibdi.
Bu holatda paradoksal vaziyat yuzaga kelmoqda. Bir tomondan, AQSH Xitoyning asosiy strategik raqibi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Eron masalasida aynan Pekinning yordami kerak. “BBC” jurnalining yozishicha, Pekin bu vaziyatdan diplomatik richag sifatida foydalanishga urinmoqda. Ya’ni Xitoy AQSHga yordam evaziga texnologik cheklovlarni yumshatish, Tayvan bo‘yicha bosimni kamaytirish yoki tariflarni qisqartirishga harakat qilishi mumkin.
Sammitning yana bir markaziy mavzusi — iqtisodiyot. “AP news” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp administratsiyasi Xitoy bilan yangi savdo kelishuvlari orqali ichki iqtisodiy bosimni yumshatmoqchi. Ayniqsa qishloq xo‘jaligi, aviatsiya va energetika sohalarida bitimlar muhokama qilinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, energetika sohasi ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda savdo urushi sabab Xitoy AQSHdan LNG (suyultirilgan tabiiy gaz) va neft importini keskin kamaytirgandi. Tahlilchilarning tahmin qilishicha, endi Tramp va Si uchrashuvi bu oqimni qayta tiklashi mumkin. Bu AQSH energetika sektori uchun muhimdir, ayniqsa Eron urushi sabab global energiya bozori beqaror bo‘lib turgan bir paytda.
Sammitdagi yana bir nozik masala bu – Tayvan. Tramp AQSHning Tayvanga qurol sotishi mavzusini Si Szinpin bilan muhokama qilishi kutilmoqda. Bu Pekin uchun eng ahamiyatli mavzulardan biri. Chunki, Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi va AQSHning harbiy yordamini “ichki ishlariga aralashuv” deb ko‘radi.
Bugungi geosiyosiy vaziyatdan shuni tahmin qilish mumkinki, Tramp ba’zi masalalar jumladan, Tayvan borasida Pekinga yon berishi mumkin. Ammo shu bilan birga, ushbu “chip oroli” AQSH uchun ham nihoyatda muhimdir. Vashington 2025 yilning dekabrida Tayvan bilan 11 milliard dollarlik qurol savdosi bo‘yicha kelishuv e’lon qilgani ham shuni ko‘rsatadiki, bu kichik orolchaning ahamiyati G‘arb uchun ham nihoyatda katta.
Osiyo Jamiyati tashkilotining (Asia Society) AQSH-Xitoy munosabatlari bo‘limining katta ilmiy xodimi Jon Delurining fikricha, AQSH rahbarining bu galgi Xitoyga tashrifi Tayvan kelajagiga jiddiy ta’sir qilmaydi, negaki Trampning bayonotlari doim ham hal qiluvchi qaror emas.
"Menimcha, Prezident Si Szinpinning bunga qo‘li bormaydi. Hatto Tramp o‘zining ehtiyotsiz nutqi tufayli Tayvan masalasida kutilmagan (taslim bo‘lishga o‘xshash) biror gap aytsa ham, xitoyliklar bunga katta ishonch bildirmaslik kerakligini yaxshi bilishadi. Chunki u bir haftadan keyin Truth Social’dagi posti orqali o‘z so‘zidan qaytib olishi mumkin.", deydi u.
Shunga qaramay, bu uchrashuvning ramziy ahamiyati juda katta. Chunki bugungi dunyoda AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar global tizimning asosiy o‘qi hisoblanadi. Eron urushi, Tayvan, sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, noyob qazilma boyliklari va energetika – bularning barchasi oxir-oqibat Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarga borib taqalmoqda.
Qisqa qilib aytganda, burgut (AQSH davlati maskoti) va ajdaho (Xitoy madaniy va ma’naviy ramzi) o‘rtasida bo‘lishi kutilayotgan ushbu uchrashuv jahon siyosatining keyingi taqdiriga bevosita ta’sir qiladi. Kimning “qo‘li uzun keladi”, buni hali vaqt ko‘rsatadi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi