Ikki haftalik sulh. Tramp va Amerika Eronga yutqazdimi?
Tahlil
−
08 aprel 4777 7 daqiqa
AQSH sharmandali mag‘lubiyatga uchradi. Buni Eron rasmiylari aytmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa mojorodagi muhim strategik nuqta hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozini ochish sharti bilan Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga to‘xtatishga rozi bo‘lganini bildirdi va urush yakuni AQSH foydasiga ishlayotganini iddao qildi. Siyosatchilar bo‘lsa Eron bu bitimga Pokistonning diplomatik sa’y-harakatlari va Xitoyning Tehronga qilgan bosimi ortidan rozi bo‘lganini bildirmoqda. Isroil esa Trampning sulhiga “tupurib” Livanga zarba berishni davom ettirmoqda. Xo‘sh, urush tez orada yakunlanadimi yoki Eron va AQSH kelishuvida aytilgan ikki haftalik muddat tugagandan so‘ng yana davom etadimi?
Urushni to‘xtatgan 10 bandlik sulh nimadan iborat?
Joriy yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Qo‘shma Shtatlar Pokiston vositachiligida Eron tomonidan taklif qilingan 10 bandlik sulhga roziligini va shu bilan Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga to‘xtatishini ma’lum qildi. Avvalroq, Tramp Eronga ultimatum qo‘yib, Eronning infratuzilmasi, xususan, ko‘priklar va elektr stansiyalari vayron qilinishi, mamlakat “tosh davri”ga qaytarilishi haqida qat’iy ogohlantirish bergan edi. Biroq bu tahdidlar Pokiston vositachiligida olib borilgan diplomatik aloqalar natijasida harbiy amaliyotlarni vaqtincha to‘xtatib turishga aylanib ketdi.
“Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Asim Munir bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida, ular bugun kechasi Eronga yuborilayotgan halokatli kuchni vaqtincha to‘xtatib turishimni so‘radi. Shuningdek, Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, darhol va xavfsiz ochishga rozi bo‘lishi sharti bilan men Eronga qarshi bombardimon va hujumlarni ikki hafta muddatga to‘xtatishga roziman.
Biz Erondan 10 banddan iborat taklif oldik va uni muzokaralar olib borish uchun maqbul asos deb hisoblaymiz. O‘tgan bahsli masalalarning deyarli barchasi AQSH va Eron o‘rtasida kelishib olingan. Ammo ikki haftalik muddat yakuniy kelishuvni to‘liq rasmiylashtirish va amalga oshirish imkonini beradi”, degan Oq uy rahbari
Oq uy rahbari bu muzokarani “ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish bo‘ladi” deb baholagan. Uning fikricha, AQSH o‘z oldiga qo‘yilgan barcha harbiy vazifalarni muvaffaqiyatli ado etib bo‘lgan va hozirda tomonlar yakuniy tinchlik shartnomasi ustida qizg‘in ish olib bormoqda. AQSH rahbari Tehrondan olingan 10 banddan iborat takliflar to‘plami kelajakdagi kelishuv uchun mustahkam poydevor bo‘lishini bildirgan. Ular orasida AQSHning Eronga hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor.
Bundan tashqari, Pokiston Bosh vaziri Eron va AQSH rozi bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish “Livanda va hamma joyda” amal qilishi kerakligini aytgan. OAVda ham Eron va Livanga yo‘llanayotgan zarbalar to‘xtagani haqida xabarlar tarqalgan.
Ikkinchi tomonda esa Eron rasmiylari bu bitimni “AQSHning sharmandali mag‘lubiyati” deb talqin qilgan. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining bildirishicha, dushman Eron xalqiga qarshi olib borgan adolatsiz, noqonuniy va jinoiy urushda inkor etib bo‘lmaydigan, tarixiy va qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan.
“Eron buyuk g‘alabaga erishdi va jinoyatchi AQSHni o‘n banddan iborat rejani qabul qilishga majbur etdi. Ushbu rejaga ko‘ra, AQSH Eronga hujum qilmaslik, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron nazoratini saqlab qolish, uranni boyitish huquqini tan olish, barcha birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, BMT Xavfsizlik kengashining barcha rezolyutsiyalarini to‘xtatish, tovon puli to‘lash, AQSH harbiy kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish hamda barcha frontlardagi urushni, jumladan, Livanning qahramon islomiy qarshilik harakatiga qarshi kurashni to‘xtatish majburiyatini oldi”, deb yozilgan Eron Milliy xavfsizlik kengashining “Fars” orqali tarqatgan bayonotida.
Qiziq tomoni shundaki, bu kelishuv faqat Eron rasmiylari tomonidan “g‘alaba” sifatida baholanmagan. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham AQSH Prezidenti Donald Trampning 10 banddan iborat rejani muhokama qilishga rozilik berganining o‘ziyoq Eron uchun muvaffaqiyat ekanini ta’kidlagan. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Trampning 10 bandlik rejani muhokama qilishga rozi bo‘lganining o‘zi – eronliklarning yutug‘i. Muammo shundaki, Vashington bunga ko‘nadimi: axir u yerda Eronga yetkazilgan zararni qoplash, yadroviy dasturni davom ettirish va Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati masalalari bor”, deb yozdi siyosatchi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa X ijtmoiy tarmog‘ida ikki hafta mobaynida savdo kemalari o‘z harakatlarini eronlik harbiylar bilan muvofiqlashtirgan holda Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishi mumkinligini tasdiqlagan.
“Bosh vazir Shahboz Sharifning murojaati, shuningdek, AQSHning 15 banddan iborat taklifi va AQSH Prezidentining Eronning 10 banddan iborat taklifini muzokaralar uchun asos sifatida ko‘rib chiqishga tayyorligi haqidagi bayonotini inobatga olgan holda, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi nomidan quyidagini ma’lum qilaman: agar Eronga qarshi hujumlar to‘xtatilsa, qurolli kuchlarimiz mudofaa harakatlarini to‘xtatadi”, degan Abbos Aroqchi.
Shuningdek, Aroqchi ikki hafta davomida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi ta’minlanishini, biroq bu jarayon Eron harbiylari bilan muvofiqlashtirilishini hamda ma’lum texnik cheklovlar inobatga olinishini alohida urg‘uladi.
Eron Xitoyning bosimi sabab sulhga rozi bo‘ldimi?
Xalqaro nashrlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Eron AQSH bilan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Pokistonning diplomatik sa’y-harakatlari va Xitoyning Tehronga qilgan bosimi ortidan rozi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Pokiston faol ravishda sulhni ilgari surgan, Xitoy esa so‘nggi daqiqalarda Tehronni moslashuvchan bo‘lishga va keskinlikni kamaytirishga chaqirgan. Bundan tashqari, muhim infratuzilmaga yetkazilgan iqtisodiy zarar ham Eronning ushbu qarorni qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatgan. “The New York Times” nashrining yozishicha, Eronning yangi Oliy rahbari Oyatulloh Mujtabo Xomanaiy Xitoyning oxirgi daqiqadagi bosimi va keskin diplomatik muzokaralaridan so‘ng Pokiston tashabbus ko‘rsatgan 2 haftalik sulh rejasini ma’qullagan. Biroq hozircha, Xitoy ushbu muzokaralarga aralashganini rasman tasdiqlamagan.
Pokiston Bosh vazir Shahboz Sharif o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi postida AQSH Prezidenti Trampga murojaat qilib, diplomatiya uchun imkoniyat berishni so‘ragan.
“Men prezident Trampdan [ultimatum] muddatini ikki haftaga uzaytirishni qat’iy so‘rayman. Pokiston eronlik birodarlaridan ezgu niyat ramzi sifatida Hormuz bo‘g‘ozini tegishli ikki haftalik muddatga ochishni chin dildan iltimos qiladi… toki diplomatiya mintaqadagi uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik yo‘lida urushni uzil-kesil to‘xtatishga erishsin”, degan Shahboz Sharif.
Shu bilan birga, Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qilgan. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, Prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Isroil Trampning sulhiga “tupurdi”
AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan sulh bitimidan 1 kun ham o‘tmay, Isroil droni 8 aprel kuni Livanning janubida joylashgan Al-Kalaila aholi punkti yaqinida tez yordam mashinasiga zarba berdi. Bu zarba ortidan shifokorlar va mashina ichida bo‘lgan bemor halok bo‘lgan. Voqea joyida zudlik bilan qutqaruv ishlari olib borilgan. Mashina qaysi shifoxonaga tegishli ekani hali aniqlanmagan. Isroil tomoni bu zarbani “Hizbulloh”ga qaratilganini bildirgan, ammo voqea oqibatida guruhga tegishli hech kim jabrlanmagan. Bu harakat AQSH va Eron kelishgan 2 haftalik bitimning amalda buzilishidir. Chunki sulh AQSH va Eron o‘rtasida tuzilgan bo‘lishiga qaramay, uni Isroil ham qabul qilgan. Eron tomonidan taqdim etilgan bitimda Livanga zarba bermaslik sharti ham qo‘yilgandi. Buni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham aytgan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, 3 aprel holatiga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida mamlakat bo‘ylab qurbonlar soni mingdan oshgan, yana to‘rt mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Live
Barchasi