Italiya Solovyovning haqoratlari ortidan Rossiya elchisini chaqirtirdi
Olam
−
22 aprel 10500 2 daqiqa
Rossiyaning Rimdagi elchisi Aleksey Paramonov teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni haqidagi bayonotlari ortidan Italiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda vazirlik rahbari Antonio Tayani X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Tayani o‘z bayonotida Solovyovning Rossiya televideniyesida aytgan gaplarini “o‘ta jiddiy va haqoratli” deb atab, Italiya hukumati nomidan rasmiy norozilik bildirganini aytgan. U shuningdek, Meloniga to‘liq hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash izhor qilgan.
ANCA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Solovyov “To‘liq aloqa” dasturida Meloni haqida italyan va rus tillarida haqoratli iboralar ishlatgan. Jumladan, u Bosh vazirni fashizmda ayblagan, “ahmoq Meloni” deb atagan va saylovchilariga xiyonat qilganini ta’kidlagan.
Italiya Prezidenti Serjo Mattarella Meloniga qo‘llab-quvvatlov xati yo‘llab, ushbu bayonotlardan g‘azablanganini bildirgan.
Davlat telekanali ustidan nazorat qiluvchi parlament komissiyasi rahbari Barbara Floridia va Noi Moderati partiyasi vakili Mariastella Gelmini ham bunday bayonotlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini, ularni siyosiy tanqid sifatida oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, bu kabi holat avval ham yuz bergan. 2025 yil noyabrida ham Paramonov Italiya TIVga chaqirilgan edi. O‘shanda Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Rim markazidagi Torre dei Sonti minorasining qisman qulashini Italiya siyosati bilan bog‘lab izohlagan. Ushbu hodisa Rimdagi Largo Korrado Richchi maydonida restavratsiya ishlari vaqtida sodir bo‘lgan.
Zaxarova o‘shanda Italiyada “ma’nosiz xarajatlar” davom etsa, mamlakat “iqtisoddan tortib minoralargacha qulashini” aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi, bu divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi