Qirg‘iziston amaldorlarning tanish-bilishchilik va korrupsion yo‘llarini to‘smoqchi
Olam
−
06 yanvar 2977 3 daqiqa
Qirg‘izistonda davlat xizmatchilarining korrupsiyaga yo‘l qo‘yishi oldini yanada olish, qarindosh-urug‘chilik va do‘stona munosabatlar, shaxsiy manfaatdorlik evaziga ish bitirishlarini nazorat qilish maqsadida qonunchilikka muhim o‘zgaritirish kiritilmoqda.
Mamlakat parlamenti – Jogorku Keneshga “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi.
Ushbu hujjatning maqsadi davlat va munitsipal darajadagi xizmatchilar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilishga yordam beradigan asosiy qoidalarni aniqlashtirish va kengaytirishdan iborat.
Xususan, qonunning yangi tahririda “affillangan shaxs” atamasi nimani anglatishi batafsilroq bayon etilgan. Ushbu ta’rif endi bitimlar, kompaniyalarda ulushli ishtirok etish, moliyaviy qaramlik, nazorat, shuningdek, yaqin qarindoshlik aloqalari yoki qaramog‘ida bo‘lish kabi qarorlar qabul qilishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarni o‘z ichiga oladi.
Qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organlarini belgilashi ham joriy etilmoqda. Ushbu organlardan biri mazkur hujjat ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.
O‘zgartirishlar shaxsiy manfaatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni tekshirish jarayoniga ham taalluqli.
Loyihaga ko‘ra, bunday deklaratsiyalarni tekshirish tegishli davlat organlari, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va muassasalarining xodimlarni boshqarish xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan qonunbuzarlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Qonunning 28-moddasi yangi tahririda ta’kidlanishicha, deklaratsiyalarda noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish intizomiy javobgarlikni keltirib chiqaradi va rahbarning aniqlangan manfaatlar to‘qnashuviga munosib javob bermasligi uning ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkin.
Qonunchilikni buzgan holda olingan daromadlar va mulkiy foydalarni davlatga etkazilgan zarar sifatida ularni qoplash majburiyati bilan ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda-chi?
O‘zbekistonda 4 yildirki, “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun to‘rt ko‘z bilan kutilayotgan, qonun loyihasi ha deganda ishlab chiqilib, jamoatchilikka taqdim etilmayotgan bir paytda Qirg‘iziston bu borada yangi bosqichga o‘tyapti. Endi amaldorlar yoki ularning qarindoshlari qanday mol-mulkka egalik qilishi yetmagandek, do‘stlari, hamkorlari, manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli yuqori bo‘lgan tanishlari haqida ham ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, korrupsiyaning yo‘lini batamom to‘smoqchi. O‘zbekiston-chi?
Prezident Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi. Ha deganda endi kattalarning mol-mulki xatlovdan o‘tkaziladi. Nafaqat o‘zi, balki qarindoshlari ham boyib ketolmaydi, deyishdi.
Biroq, haligacha bu qonundan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining QALAMPIR.UZ'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Lekin, natija yo‘q!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, yana natija yo‘q.
Live
Barchasi