Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolarining AQSHga kirishi uchun shart qo‘yildi
Olam
−
07 yanvar 7023 2 daqiqa
AQSH Davlat departamenti 25 ta yangi davlat, jumladan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari uchun viza berishda garov puli (depozit) talabini joriy qildi. Bu haqda idoraning rasmiy saytida xabar berildi.
Endilikda ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlar fuqarolari AQSHga kirish vizasiga ariza topshirganda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha miqdorda garov puli to‘lashi kerak bo‘ladi. Garovning aniq summasi elchixona yoki konsullikdagi viza suhbatida belgilanadi.
Joriy yil 21 yanvardan boshlab ushbu talab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga ham tatbiq etiladi. Turkmaniston fuqarolari uchun esa garov talabi 1 yanvardan joriy etilgan.
Ro‘yxatga kiritilgan davlatlar soni 38 taga yetdi. Ularning aksariyati Afrika, Janubiy Osiyo va Okeaniya mamlakatlari. Davlat departamenti izohiga ko‘ra, bunday qarorga ushbu davlatlar fuqarolari tomonidan sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari (B-1 va B-2) bo‘yicha AQSHda qolish muddati tez-tez buzilgani sabab bo‘lgan.
Garov puli faqat AQSH Moliya vazirligining rasmiy pay.gov to‘lov tizimi orqali, konsullik xodimi taqdim etadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri havola orqali qabul qilinadi. Davlat departamentiga ko‘ra, garov to‘lash vizaning berilishini kafolatlamaydi. Garov puli to‘lab viza olgan shaxslar AQSH hududiga faqat uchta aeroportdan kirib-chiqishi shart: Boston shahridagi Logan aeroporti, Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi aeroport va Vashingtondagi Dallas aeroporti.
Garov sifatida kiritilgan mablag‘ viza amal qilish muddati tugashidan oldin, AQSHdan chiqib ketilgach avtomatik tarzda qaytariladi. Shuningdek, agar arizachiga aeroportda mamlakatga kirish rad etilsa, u ham garov pulini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSHga kirishni Suriya va yana bir qator davlatlar fuqarolari uchun taqiqlagandi. Yangi cheklovlar 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va jami 20 ta mamlakat hamda hududni qamrab olgan, shu bilan avvalgi ro‘yxat ikki barobarga kengaygan.
Live
Barchasi