Qozog‘istonda yangi dizayndagi banknota muomalaga chiqarildi
Olam
−
25 dekabr 4573 3 daqiqa
Bugun, 25 dekabr kuni Qozog‘istonda 500 tengelik yangi dizayndagi banknotalar muomalaga chiqarildi. Eski namunadagi kupyuralar 2027 yil oxirigacha amal qiladi. Bu haqda mamlakat Milliy banki xabar berdi.
Qayd etilishicha, 500 tengelik yangi banknota “Sak uslubi” seriyasidagi beshinchi kupyura hisoblanadi. Unda mamlakat merosi – ko‘chmanchilar madaniyatidan tortib zamonaviy Qozog‘istongacha bo‘lgan qadriyatlar aks ettirilgan.
Milliy bank izohiga ko‘ra, ushbu banknotalar keng muomalaga 2026 yilning ikkinchi choragida kiradi, chunki ularni mamlakatning barcha hududlariga yetkazish va uskunalarni (bankomatlar, terminallar hamda boshqa kassa texnikalari) moslashtirish uchun qo‘shimcha vaqt talab etiladi.
Yangi banknotaning rangi ko‘k. Old tomonida quyidagilar tasvirlangan:
- “Hayot daraxti” shoxi va parvoz qilayotgan qush (miloddan avvalgi V–IV asrlarga mansub Issiq qo‘rg‘oni, Oltin odamning bosh kiyimidagi detal bo‘lib, tabiat va e’tiqodlar o‘rtasidagi muqaddas bog‘liqlikni anglatadi);
- DNK spiraliga o‘xshash va bezak tarzida ishlangan cheksizlik ramzi, inson va tabiat o‘rtasidagi aloqani ifodalaydi;
- artefakt – Arxar boshi shaklidagi yanoq bo‘lagi (miloddan avvalgi VIII–VII asrlarga mansub Berel qo‘rg‘onlari, “Podshohlar vodiysi”, Sharqiy Qozog‘iston viloyati).

Orqa tomonida esa Qozog‘istonda yashovchi arxar bezakli qalqon fonida tasvirlangan. Asosiy tasvir ortida doira shaklidagi qozoq milliy naqshi joylashgan bo‘lib, u bir nechta ma’noni mujassam etadi: “qalqon” – qadriyatlarni himoya qilish ramzi, to‘rt tomon – qadimiy belgi, quyosh ramzi va markazdagi hayot hamda yaratuvchan energiya timsoli. Banknotaning markazida fon sifatida “cheksizlik” naqshi konturi berilgan bo‘lib, uning ichida “Muztau” tog‘ining manzarasi joylashtirilgan.
Yangi 500 tengelik banknotalar bugun, 25 dekabrdan muomalaga kiritiladi va 24 oy davomida 2017 yil namunadagi 500 tengelik banknotalarni bosqichma-bosqich almashtirib boradi.
Milliy bank ma’lumotiga ko‘ra, eski namunadagi banknotalar ikki yil davomida asta-sekin muomaladan chiqariladi. Shu sababli bu davrda aholiga banklarda yoki Milliy bank filiallarida eski banknotalarni yangisiga almashtirish shart emas. Eski va yangi banknotalarning parallel muomalada bo‘lish muddati 2025 yil 25 dekabrdan 2027 yil 24 dekabrgacha davom etadi.
Parallel muomala muddati tugagach, ya’ni 2027 yil 25 dekabrdan boshlab barcha banklar va “Kazpochta” uch yil davomida – 2030 yil 24 dekabrgacha eski namunadagi banknotalarni yangisiga almashtirib beradi. Milliy bank filiallari esa eski banknotalarni muddatsiz qabul qiladi.
Bildirilishicha, yangi (2025 yil) va eski (2017 yil) namunadagi banknotalar parallel muomala davrida qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi va Qozog‘iston hududida barcha turdagi to‘lovlar, o‘tkazmalar hamda bank hisobvaraqlariga kiritish uchun ularning nominal qiymati bo‘yicha majburiy ravishda qabul qilinishi lozim.
Shuningdek, Qozog‘iston fuqarolariga eslatilishicha, qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan banknota va tangalarni qabul qilishdan bosh tortish Qozog‘iston Respublikasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Markaziy banki 200 manatlik kupyurani muomalaga kiritgandi. Shuningdek, Tojikistonda ham mamlakatning milliy valyutasi – somoni joriy etilganining 25 yilligiga bag‘ishlab 100 somonilik yubiley banknotalar muomalaga chiqarilgandi.
Live
Barchasi