Polsha inson organlari savdogarini Qozog‘istonga topshirdi
Olam
−
24 dekabr 2025 4025 2 daqiqa
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi va Interpol milliy markaziy byurosi xodimlari, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magi bilan inson organlari savdosi bo‘yicha transmilliy tarmoqqa aloqadorlikda gumon qilinayotgan Ukraina fuqarosi Polshadan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sxema orqali o‘nlab noqonuniy transplantatsiyalar amalga oshirilgan. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ukrainalik ayol besh yildan ortiq vaqt davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2017-2018 yillarda inson organlarini noqonuniy olib-sotish bilan shug‘ullangan transmilliy uyushgan jinoyat guruhining a’zosi bo‘lgan.
Bildirilishicha, gumondor jinoyat zanjiridagi asosiy vazifalardan birini bajarib kelgan. U potensial donorlar va retsipiyentlarni izlash, ularning uchrashuvlarini tashkil qilish, maxfiylikni ta’minlash, shuningdek, organlarni noqonuniy sotib olish va keyinchalik transplantatsiya qilish operatsiyalarini muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash kabi muhim ishlar bilan shug‘ullangan.
Guruh a’zolari nafaqat Qozog‘istonda, balki O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston va Tailandda ham faoliyat yuritgan. Ular jami 56 ta tirik shaxslardan olingan organlarni noqonuniy savdoga chiqarish operatsiyasini amalga oshirgan.
Xabarda keltirilishicha, mazkur shaxs joriy yilning mart oyida Polsha chegarasini kesib o‘tishga uringanida qo‘lga olingan. Qozog‘istonning so‘rovi asosida Polsha tomoni ayolni ekstraditsiya qilishga qaror qilgan.
Hozirda u Qozog‘istondagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, gumonlanuvchiga 8 dan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Toshkent shahri hamda Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida ham inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olingan edi.
Nodir Shukurov
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025