Qrimda Su-30 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi
Olam
−
03 aprel 2969 1 daqiqa
Bugun, 3 aprel kuni Qrimda mashg‘ulot parvozi vaqtida Su-30 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi. Ekipaj katapulta qilishga ulgurdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari jangovar o‘q-dorilarsiz o‘tkazilgan. Uchuvchilar yerdagi qidiruv-qutqaruv guruhi tomonidan evakuatsiya qilingan. Mudofaa vazirligi ularning hayotiga hech qanday xavf yo‘qligini ma’lum qilgan. Favqulodda holat sabablari ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Su-30 – ikki o‘rinli ko‘p maqsadli qiruvchi samolyot. 1980-yillarda loyihani ishlab chiqishda Su-27UB bazaviy mashina bo‘lgan. Yangilangan modelning ilk parvozi 1989 yil oxirida amalga oshirilgan. Rossiya Qurolli kuchlari ixtiyorida Su-30 ning turli modifikatsiyadagi 130 ta qiruvchi samolyoti mavjud. “Kommersant’” nashrining yozishicha, u havodagi nishonlarni yo‘q qilish, dushman aerodromlarini blokirovka qilish hamda yerdagi va dengizdagi nishonlarga zarba berish uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni Qrimda An-26 samolyoti ham qulagan edi. Halokat yarim orolning Bog‘chasaroy tumanidagi Kuybishevo qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Hodisadan biroz oldin samolyot bilan aloqa uzilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 29 kishi halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Vazirlik samolyotga tashqi ta’sir o‘tkazilmaganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi