Kanselu “Barselona”ga qaytadi – manba
Sport
−
06 yanvar 766 1 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” jamoasi portugaliyalik himoyachi Joau Kanseluning “Al-Hilol”dan transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda taniqli jurnalist va insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 31 yoshli futbolchi 2025-2026 yilgi mavsum oxirigacha ijara asosida Kataloniya klubiga ko‘chib o‘tadi. “Barselona” ushbu ijara uchun Saudiya Arabistoni klubiga 4 million yevro to‘laydi.
Qayd etilishicha, Kanseluga Italiyaning “Inter” klubi ham jiddiy qiziqish bildirgan, biroq portugaliyalik futbolchi shaxsan “Barselona” variantini tanlagan. Avvalroq, OAVda “neradzurri” Kanseluni qaytarish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekani haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo keyinchalik muzokaralar to‘xtab qolgan.
Joau Kanselu 2024 yil yozidan buyon “Al-Hilol” safida harakat qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda oltita o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining Saudiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil iyun oxirigacha mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, “Transfermarkt” portali hozirda Kanseluning bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.
Live
Barchasi