Karimovning so‘zini ikki qilgan mulozim 94 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
29 Sentabr 48977 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan atoqli davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirining matbuot kotibi Shuhrat Suyunov xabar berdi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlab, mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Jo‘rabekovning nomi O‘zbekiston siyosiy doiralarida alohida hurmat bilgan tilga olinadi. 1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, Hukumat raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan Jo‘rabekov mamlakatda eng og‘ir o‘tish davrlarida turli topshiriqlarni bajarishda jonbozlik ko‘rsatgan. Hatto, hayotini xavf ostiga qo‘ygan. U Birinchi Prezident Islom Karimovning so‘zini ikki qilganlardan biri sanaladi.
.jpg)
Marhum o‘z xotiralarida Islom Karimov unga O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prikni portlatib yuborishni buyurgani, biroq u buni amalga oshirmay, ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolganini aytgan.
Jo‘rabekov 9–11 chaqiriqlarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati bo‘lgan. U “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, shuningdek, Tojikiston va sobiq ittifoqning bir qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mustaqillikning ilk yillarida Namangan shahar hokimi vazifasida ishlagan Akmalxon Ikromjon o‘g‘li Ikromov 76 yoshida olamdan o‘tgandi.
Live
Barchasi