Paxta, ko‘mir, qish g‘ami – Hafta tahlili
Tahlil
−
12 Oktabr 6334 18 daqiqa
Qozog‘istonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga jazoni o‘tash muddati tugashidan olti oy oldin kimyoviy kastratsiya qo‘llanilishi belgilandi. Qirg‘izistonda esa voyaga yetmaganlar va ayollarni o‘ldirish, zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosini tiklash masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Xo‘sh, O‘zbekistonda bunday jazo choralari joriy etilishi, xususan, o‘lim jazosi qaytarilishi kerakmi? Agar kerak bo‘lsa, siz aynan qaysi jinoyatlar uchun jazo choralari shu tarzda belgilanishini istagan bo‘lardingiz? Qaror qabul qilishga shoshmang, do‘ppini bir chetga qo‘yib, yaxshilab o‘ylab ko‘ring va keyin izoh yozing. Negaki, ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Siz o‘lim jazosi so‘rayotgan qaysidir jinoyatni yaqin qarindoshingiz yo tanishingiz sodir etganda, unga ham o‘lim tilagan bo‘larmidingiz? Yoki kastratsiyani o‘z yaqinlaringizga ravo ko‘rarmidingiz?
Shavkat Mirziyoyev sammitda “islomofobiya”ga qarshi kurashish masalasini ko‘tardi
O‘tgan haftadagi 5 kunlik ta’tildan keyin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi haftani 94 yoshida vafot etgan davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekovning ta’ziya marosimida ishtirok etish bilan boshladi va o‘sha kuni Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 12-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Gabala shahriga jo‘nab ketdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston ushbu tashkilotga Mirziyoyev ma’muriyatining 3-yilida, 2019 yilning oktyabr oyida a’zo bo‘lgandi. Madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tuzilma esa, allaqachon iqtisod, energetika, bojxona, axborot texnologiyalari va hatto, mudofaa va harbiy masalalarni ham qamrab olishga ulgurgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston a’zo, Vengriya, Turkmaniston hamda tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi kuzatuvchi bo‘lgan tashkilotning navbatdagi sammitida harbiy masala ochiq muhokama qilindi.
Ozarbayjon Prezidenti, sammit mezboni Ilhom Aliyev tashkilotning ta’sis hujjatini eslatib, “Naxchivan shartnomasi”da tinchlik va xavfsizlikni asrash uning asosiy maqsad va vazifalari qatoriga kiritilganini qayd etdi:
“Mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy, mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi keng ko‘lamli hamkorlikni hisobga olib, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning 2026 yilda Ozarbayjonda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qilaman”.
Ushbu takliflar sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada ham o‘z ifodasini topdi. Hujjatga muvofiq, tegishli organlarga tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan muntazam ravishda siyosiy va xavfsizlik bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish hamda o‘zgaruvchan geosiyosiy va xavfsizlik muammolari sharoitida umumiy strategik qarashlar orqali birgalikda javob choralarini kuchaytirishga kelishilgan.
Davlat rahbarlari terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va kiberxavfsizlikning barcha ko‘rinishlarida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga intilishlarini yana bir bor tasdiqlaganlar.
“G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi. Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz”, dedi Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti maxsus xizmatlar, ya’ni razvedka va xavfsizlik xizmatlari rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni va birinchi uchrashuvni 2026 yilda Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.
Shuningdek, u Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdori ekanini bildirdi. Mirziyoyevning takliflari orasida esa ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasi’ni qabul qilish, “islomofobiya”ning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish masalasi ham bor.
O‘zbekiston rahbari shu hafta yana ikkita yirik tadbirda ishtirok etdi. Tojikistonda “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi uchrashuvda Mirziyoyev Rossiya O‘zbekiston uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgani, hozir ham shundayligi va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini aytdi. U Putinga Markaziy Osiyo strategik sheriklikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun rahmat aytdi.
“Mamlakatlarimizning Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorligi bundan buyon ham mintaqaning tinchligi va barqarorligi omili bo‘lib qoladi. Biz bugun strategik, jumladan, gaz quvurlari va energetika infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘tgan oy oxirida Moskvada bo‘lib o‘tgan butunjahon atom haftaligi doirasidagi Global atom forumining yig‘ilishida ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Jizzax viloyatidagi bitta maydonda har biri 1000 MVt bo‘lgan ikkita katta quvvatli reaktor va har biri 55 MVt bo‘lgan ikkita kichik quvvatli reaktor qurilishini ma’lum qilgan edi.
2035 yilga borib, qariyb 525 gektar maydondagi stansiya yiliga 15,2 milliard kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu mamlakatdagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng. Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, ushbu loyiha energetikani diversifikatsiya qilish bo‘yicha keng strategiyaning bir qismi ekanini qayd etgan: 2030 yilga borib O‘zbekistonda “toza” energetika ulushi 40 foizdan oshishi kerak va atom elektr stansiyasi bu maqsadga erishishda salmoqli hissa qo‘shadi.
Rossiya ko‘plab sohalarda O‘zbekistonning asosiy hamkoriligicha qolmoqda. 2025 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston Rossiyadan 5,4 mlrd dollarlik mahsulot import qilgan. Rossiya bu borada Xitoydan keyingi o‘rinda turibdi. Hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Mirziyoyev, Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiq ekaligini yana bir bor eslatdi.
Qolaversa, Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar ham kam emas. Rasmiy Toshkent izohicha, ayni vaqtda Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar 1 milliondan kam. Ammo mustaqil ekspertlar Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning soni 2 millionga yaqinligini aytib keladi. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston migrantlarga ko‘rsatilayotgan g‘ayriinsoniy munosabatlar fonida Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga bir necha bor notalar yubordi. Biroq bu notalarga na javob berildi va na vaziyat o‘zgardi.
“Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari yig‘ilishi Markaziy Osiyo davlatlarining bu yil Yevropa Ittifoqi bilan birinchi sammitni o‘tkazishi va unda qator kelishuvlarga erishishi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasi hamkorlikni mustahlab, blok faoliyatini rivojlantirish talabi bilan chiqishi, qolaversa, har uchala mamlakat rahbarining AQSHga tashrifi, ayniqsa, Mirziyoyevning AQSH Prezident Donald Trampga yaqinlashuvi va O‘zbekistonning AQSHdan 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" samolyotini xarid qilishi fonida kechdi.
Mirziyoyev ma’muriyati 2017 yildan buyon barcha mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama va pragmatik siyosat olib bormoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston uchun qator ittifoqchilar va strategik sheriklar bo‘lsa-da, aniq blok yoki aniq mamlakat ustuvorlik kasb etmaydi.
Rossiya boshchiligida Sobiq Ittifoq mafkurasi va merosini o‘zida tashishga urinadigan MDH sammitiga kelsak, unda O‘zbekiston rahbari ishtirokchi davlatlarni Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatni unutmaslikka chaqirdi. Mirziyoyevga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda.
Saida Mirziyoyeva Yevropaning yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti Turkiylar, MDH va Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan yig‘inlarda ishtirok etgan bu haftada uning to‘ng‘ich qizi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yevropaga safar qilib, Bryusselda Global Gateway forumida qatnashdi va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi.
U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Fon der Lyayen bilan muloqotdan mamnun bo‘lgani va O‘zbekiston-Yevropa hamkorligi yanada mustahkamlanib borishiga ishonchi komilligini yozdi.
Shuningdek, Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bildirilishicha, muloqot chog‘ida ham global, ham mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga to‘xtalib, Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratilgan. Murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.
Bu Saida Mirziyoyevaning yevropalik yuqori martabali shaxslar, xususan, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi emas. Joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Samarqand xalqaro iqlim forumida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qizi Saida Mirziyoyevani Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan tanishtirgandi.
Sammitda qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligini tasdiqlab, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qilgandi.
O‘zbek paxtasi yana boykotga uchrashi mumkin-mi?
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasini nisbatan liberallashtirish, klaster tizimining yo‘lga qo‘yilishi ortidan paxta terimiga majburlov to‘xtab, 2022 yilda “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga 2009 yilda joriy etgan boykotni bekor qilingan edi. Ammo quvonchlar uzoqqa bormadi. Joriy yilda mamlakatda paxta terimiga ixtiyoriy-majburiy javlb qilish haqidagi murojaatlar ortgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga ilova qilgan audioyozuvlarda hokim o‘rinbosari har bir xotin-qizlar faolidan kamida 2 nafar ayolni o‘zi bilan birga paxta terimiga olib chiqishni talab qilganini eshitish mumkin.
Ushbu holat bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi munosabat bildirib, paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ularning “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.
Hokimlikka ko‘ra, 22 sentyabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Qumqo‘rg‘onga borib, u yerda “Ayollar bandligini ta’minlash, ishsizlikdan holi hududga aylantirish” borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan.
Tashrif doirasida Munchoqtepa mahallasidagi “Munchoqtepa istiqboli” fermer xo‘jaligida “Mehnatim – faxrim” nomli tadbir tashkil etilgan. Tadbirda xotin-qizlar faollari bilan bir qatorda terimda ishtirok etayotgan ayollar ham qatnashgan. Ular ixtiyoriylik asosida tadbirda ishtirok etishi belgilangan. Agar hokimlik bayonotiga tayanadigan bo‘lsak, shunda Mahkamovaning aynan ayollar bandligini tekshirish uchun kelgani sabab bu terim tashkil etilib, ayollar go‘yo band va hayotidan mamnun qilib ko‘rsatilganmi? Kimga kerak bu ko‘zbo‘yamachilik. Mahkamovaga-mi yo hokimlikka?
Hokimlikka ko‘ra, audioyozuvda Jumayevaning ayollarni dalaga falon soatda kelinglar deb chaqirganini majburiy mehnat sifatida talqin etish mutlaqo asossiz emish.
Bu paxta terimiga majburlash bilan bog‘liq yagona holat emas. Tugayottgan haftada tahririyatimizga Buxoro viloyatining “Abu Ali ibn Sino” nomidagi axborot-kutubxona markazining 32 xodimi paxta terimiga majburlanayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Aytilishicha, xodimlar 5 oktyabr kuni Buxoro tumanidagi fermer xo‘jaligida 1503,0 kg paxta terib bergan.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida axborot-kutubxona markazi bilan bog‘landi. Markaz ma’muriyati tahririyatga xodimlar tomonidan imzolangan rozilik xatini ilova qilib, ular o‘z xohishi bilan, qo‘shimcha daromad olish maqsadida terimga chiqqanini ma’lum qildi. Biroq ularga tergan paxtasi uchun qancha pul berilgani ochiqlanmadi.
Surxondaryo viloyatida paxta terimidan ayollarni olib qaytayotgan Labo Cobalt bilan to‘qnashdi. Yo‘l-transport hodisasi Bandixon tumani, “Gulbog‘” mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Labo haydovchisi avtomobilida harakatlanib ketayotganida, boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan Cobalt rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda Labo rusumli avtomobil haydovchisi hamda 5 nafar ayol shu paytning o‘zida turli darajadagi tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yetkazilgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarda esa avtomobilda 16 nafar ayol bo‘lgani aytilgan.
Hozirda holat yuzasidan Bandixon tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda paxta terimiga majburlov, ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchilar, oliy ta’lim muassasasidagi ustozlardan tortib, talabalargacha, shifokorlar, qo‘yingki, ijtimoiy soha xodimlarining paxta dalasiga olib chiqilishi uzoq bo‘lmagan va bugun ayrim hududlarda takrorlanayotgan tarix. Aynan shu hodisalar sabab O‘zbekiston paxtasi 13 yil davomida jahon bozorida boykotga uchradi. 32 ta normativ-huquqiy hujjat, 2021 yilda qabul qilingan 4 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va 4 ta qaror, 6 ta Hukumati qarori ortidan paxta terimiga majburlovga chek qo‘yilganiga ishontirildi va o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot olib tashlangan edi. Bunda o‘sha kezlarda Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Tanzila Norboyevaning alohida mehnati bo‘lgan. Ammo holat shu davom etaversa, paxtamiz yana boykotga uchrash ehtimoli yuqori.
Mamlakatda paxta terimiga yana ixtiyoriy-majburiy jalb qilish kuzatilayotganini ekspertlar qishloq xo‘jaligi yerlaridan mustaqil foydalanish fermerning ixtiyorida emasligi, fermer o‘zi yeriga nima ekishni o‘zi hal qilolmasligi, paxtaning kilosiga belgilangan narx bugungi bozor talablariga javob bermasligi, terim mashinalarining kamligi, borlariga navbat yuqoriligi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish masalalari hal etilmagani bilan bog‘laydi.
Bu yil ham kun tezakka qoladimi?
Hafta tugashi arafasida ijtimoiy tarmoqlar Surxondaryo viloyati Boysun tumanida aholiga ko‘mir tarqatish chog‘ida tartibsizlik kelib chiqqani aks etgan video bilan tebrandi. Unda odamlar ko‘mir omboriga bir-birini quvib o‘tib, yopirilayotganini ko‘rish mumkin.
Holat joriy yilning 8 oktyabr kuni “Boshrabot” mahallasida joylashgan ko‘mir omborida sodir bo‘lgan. Aholiga kuz-qish mavsumi uchun tarqatish maqsadida 278 tonna ko‘mir keltirilgan. Davlat tomonidan arzon narxlarda tarqatilayotgan ko‘mir haqidagi e’lonlar esa tumandagi mahalla Telegram guruhlariga yuborilgan.
Mahalliy rasmiylarning bildirishicha, omborga to‘plangan fuqarolardan ayrimlari belgilangan grafikka rioya qilmay ko‘mir olishga uringan va tartibsizlik kelib chiqqan.
Holat Ichki ishlar organlari va mutasaddi tashkilotlar xodimlari yordamida bartaraf etilgani va avvaliga tumanning olis, tog‘li hududlarida yashovchi aholiga ko‘mir tarqatilishiga e’tibor qaratilgani aytilmoqda.
O‘zbekistonda allaqachon sovuq kunlar boshlanib bo‘ldi. Mamlakatdagi energetik muammolar, gaz va elektr energiyasidagi taqchillik poytaxt Toshkentni ham chetlab o‘tmayapti. Hukumat har yili kuz-qish oldidan tayyorgarlikni boshlaganini e’lon qilsa-da, qishning sovuq kunlarida gaz muammosi, ko‘mir yetishmovchiligi avjiga chiqadi va yana kun tezakka qoladi.
O‘zbekiston 2023 yilning oktyabridan buyon Rossiya gaziga bog‘langan. Shu hafta Rossiya joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishni 15 foizga oshirgani ma’lum qilindi.
Yilning dastlabki sakkiz oyida “Gazprom” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga Rossiya tabiiy gazining eksportini 15 foizga oshirdi. “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning bildirishicha, uch davlat iqtisodiyotining umumiy hajmi yaqin besh-olti yil ichida 60 foizga o‘sishi mumkin, bu esa energiya va gaz iste’molining ortishiga olib keladi.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Turkmaniston va Rossiyadan gaz importini 27,9 foizga qisqartirib, 885,9 million dollarga tushirgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Energetika vazirligi import qilinayotgan gaz hajmi va narxi haqida ma’lumot bermagan.
Poraxo‘rlar qo‘lga tushdi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tugayotgan haftada hokim va vazir lavozimiga nomzodlar xalq deputatlari Kengashi va Qonunchilik palatasiga nomzodi ko‘rib chiqilayotganida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qildi. Ayni shu haftada esa O‘zbekistonda yana 10 dan ortiq holatda poraxo‘rlar ushlandi.
Masalan, Andijon viloyatining Marhamat tumani hokimi 60 sotix yer maydonida har biri 30 kv/m bo‘lgan jami 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 200 AQSH dollari olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari qolgan 14800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlari va 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari),211-moddasi (Pora berish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimligi bosh yuriskonsulti esa “Eyvalek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan va hokimlik balansida bo‘lgan xonadonni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bosh yuriskonsult muqaddam bir necha marotaba sudlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida esa Xovos tumani hokimining o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligini kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki DXX tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming dollari olgan.
Keyinroq hokim o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming dollarni o‘zining hamtavog‘i bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Navoiy viloyati Karmana tumanida hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushdi. U 2024 yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan yer maydonini boshqa kishiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda talaba “shantaj” qilmoqchi bo‘lgan ayolni o‘ldirdi
Toshkent shahrida 25 yoshli talaba yigit ijaraga olingan xonadonlarning birida ishqiy munosabat qilish uchun chaqirgan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bunga ayolning yigitni “shantaj” qilgani sabab bo‘lgan.
Yigit murdani yashirish maqsadida choyshabga arqon yordamida o‘ragan va voqea joyidan yashiringan. Yigitning sudda aytishicha, ayol undan 5 million da’vo qilgan va qamatib yuborish bilan qo‘rqitgan. Tahdid ortidan yigit ayolni bo‘g‘izlagan va uning o‘lganini bilgach, Surxondaryoga ravona bo‘lgan.
Tugayotgan haftada Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida yuqoridagi holat bo‘yicha sud ishi ko‘rib chiqilgan. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Yigitning qaysi oliy ta’lim muassasasi talabasi ekani ma’lum emas. Sal avval O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarim yilligi davomida 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 nafar talabasi tomonidan jinoyat sodir etgani Senatdagi yig‘inda aytilgan edi.
Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.
Prezidentni haqoratlab izoh yozgan yigit sudlandi
Instagram’da O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqoratlab izoh qoldirgan 18 yoshli yigit jazolandi. Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi 18 yoshli sudlanuvchi o‘ziga tegishli Instagram profili orqali O‘zbekistonning Birinchi va amaldagi Prezidentlari tasvirlangan fotosurat ostida Shavkat Mirziyoyevga nisbatan haqoratomuz mazmundagi izoh qoldirgan.
Sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, izohda Prezidentga qarshi qaratilgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi fikrlar, g‘oyalar va so‘zlar mavjudligi aniqlangan. Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 158-moddasining 3-qismi bilan aybli deb topib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlangan.
Jazo chorasi o‘z ichiga spirtli kafe, bar, restoranlarga bormaslik, ommaviy tadbirlar (namoyishlar, mitinglar)da ishtirok etmaslik, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent viloyat hududidan tashqariga chiqmaslikni o‘z ichiga oladi.
Mubashshir Ahmad 2 yarim yilga qamaldi
8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan diniy ulamo va bloger Alisher Tursunovga sud ishining yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi. Sud hukmiga ko‘ra, u 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mubashshir Ahmad faoliyatini xolis tarzda olib borganini aytgan va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, faqatgina diniy mazmundagi materiallarni vakolatli organlar ruxsatisiz va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning roziligisiz e’lon qilganini tan olgan, bu ham u O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgani uchun sodir bo‘lganini bildirgan. Sudlanuvchi voyaga yetmagan farzandlari borligi, oila boquvchisi ekani, sog‘lig‘idagi muammolar, qolaversa ilmiy izlanish olib borayotganini inobatga olgan holda, suddan yengillik berishni so‘ragan.
Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59-(bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-(jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalar tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shu bilan birga, internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va Azon Global – Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi bildirildi.
Live
Barchasi