“Xalq sizdan qo‘rqadi”. Mashhur bloger Putinga keskin murojaat yo‘lladi (video)
Olam
−
18:02 5345 3 daqiqa
Bloger va teleboshlovchi Viktoriya Bonya Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga videomurojaat yo‘lladi. U o‘z murojaatini “xalq nomidan” qilganini, chunki oddiy odamlar va davlat rahbari o‘rtasida “qalin devor” bor deb hisoblashini bildirgan. Uning 18 daqiqalik murojaati o‘zining Instagram sahifasida e’lon qilingan.
Xususan, Viktoriya Bonya Dog‘istondagi suv toshqinlari mavzusida gapirgan.
“Nima uchun dastlabki 24-48 soat, hatto 72 soat ichida hech qanday yordam berilmadi? Nima uchun faqat 10 kundan keyin bu haqda gapira boshlashdi? Nima uchun dahshatli falokat yuz bermoqda? Keyingisi – Anapa... Onam Anapada yashaydi, u yerda yana mazut dog‘i paydo bo‘lgan, buning hech qanday yaxshi tomoni yo‘q. Ulkan mazut dog‘i koinotdan ham ko‘rinib turibdi... Odamlar hozir qushlarni o‘z qo‘llari bilan tozalashmoqda, mazutni yana o‘z qo‘llari bilan yig‘ishmoqda” deydi u.
Shuningdek, Viktoriya Bonya hukumatning “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni ovlashga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihasini ham tilga olgan. Bundan tashqari, bloger Novosibirsk viloyatida chorva mollarini musodara qilish bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratgan.
“Bilasizmi, shunchaki kelib, o‘ldirib ketishgan. Kimdir gapira boshlasa, boshqalarga dars bo‘lsin deb bo‘limga olib ketishgan”, deydi u.
Bloger Rossiyada ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishiga ham to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar rossiyaliklarga “bir-biriga suyanish, cho‘kib ketmaslik” imkoniyatini beradi. Viktoriya Bonya Max messenjerida ham firibgarlar uchrayotganini, ba’zi xabarlar esa boshqa odamlarga ketib qolayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Yana siz qarindoshlari bilan bog‘lana olmaydigan juda ko‘p odamlarni bu imkoniyatdan mahrum qildingiz”, deyd bloger.
Shu bilan birga, u Rossiya xalqi Prezidentdan qo‘rqishini aytgan.
“Vladimir Vladimirovich, sizdan qo‘rqishadi. Xalq qo‘rqadi, blogerlar qo‘rqadi, artistlar qo‘rqadi, gubernatorlar qo‘rqadi. Siz esa mamlakatimiz Prezidentisiz. Menimcha, biz qo‘rqmasligimiz kerak”, deydi Viktoriya Bonya.
U Rossiya aholisi hozir nimalar sodir bo‘layotgani haqida Prezidentga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoza oladigan platforma yaratishni taklif qilgan. Viktoriya Bonyaning murojaatini bloger va boshlovchi Ayza (haqiqiy ismi Ayza-Liluna Ay) ham qo‘llab-quvvatlagan. U Anapa, Novosibirsk viloyati va Dog‘istondagi vaziyatlarni sanab o‘tgan, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Telegram’ning bloklanishini tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda “ma’lumot olish imkoniyati to‘liq yopilgan”.
Ayza ko‘plab ma’lumotlar Vladimir Putingacha “yetib bormayotgan” bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
“Men, albatta, Prezidentimiz haqiqatan ham bexabar ekanligiga chin dildan umid qilaman... Aholining 1 foizida bor narsa nima uchun 99 foizida yo‘qligini tushunmayapman... Bazaviy ehtiyojlar qondirilmagan”, deydi bloger.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 aprelga o‘tar kechasi kuchli yomg‘irlar tufayli Dog‘istondagi suv toshqini boshlangan edi. Shahar va qishloqlarda uylarni suv bosdi, hududda suv va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi. Tog‘larda ko‘chki va sel hodisalari kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida olti kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Toshqindan 6 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 9 apreldagi ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘istonning sakkizta aholi punktida 1091 ta turarjoy binosi, 1146 ta tomorqa yer uchastkasi va 70 ta yo‘l qismi suv ostida qolgan.
Shuningdek, joriy yilning 10 aprel kuni Rossiya hukumati Telegram’ni bloklashni kuchaytirdi va uning darajasini deyarli 100 foizga yetkazdi. Blogerning mazkur murojaati ushbu voqealar fonida yangradi.
Live
Barchasi