Putinga istalgan mamlakatga hujum qilish vakolati berildi
Olam
−
11:21 12054 2 daqiqa
Rossiya Davlat Dumasi Prezident Vladimir Putin vakolatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Unga ko‘ra, Prezident xorijiy davlatlarda rossiyalik fuqarolarni “himoya qilish” maqsadida armiyani yuborishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, agar Rossiya fuqarolari boshqa davlatlarda hibsga olinsa, ushlab turilsa yoki ta’qib qilinsa, Rossiya Prezidenti harbiy kuch ishlatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu, ayniqsa, Moskva tan olmaydigan xalqaro sud organlari yoki Rossiya ishtirokisiz qaror chiqaradigan sudlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Aslida, amaldagi qonunchilikka ko‘ra ham Prezident xorijda harbiy kuch ishlatish vakolatiga ega edi. Ammo yangi qonun loyihasi bu imkoniyatlarni yanada kengaytiradi va aniqroq asoslar bilan mustahkamlaydi.
Mazkur tashabbus NATO va Yevropa razvedkalari tomonidan Rossiyaning ehtimoliy harbiy faoliyati haqidagi ogohlantirishlari fonida ilgari surilgan. Ayrim G‘arb ekspertlari Rossiya yaqin yillarda Yevropada kengroq mojaroga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda, ya’ni Rossiyaning bu qadami Yevropa uchun “signal” bo‘lishi mumkin.
Davlat Dumasi vakillari esa, qonun loyihasi Rossiya fuqarolari va tashkilotlarini “xorijdagi noqonuniy harakatlardan himoya qilish” uchun zarur ekanini bildirgan.
“Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi qonun loyihasining konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki taklif etilayotgan me’yor Rossiya fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, Rossiya tashkilotlarini xorijiy noqonuniy tajovuzlardan himoya qilishga, shuningdek, tashqi yo‘nalishda davom etayotgan ashaddiy rusofobiya kampaniyasiga qarshi kurashishga yordam beradi”, degan Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov.
Qayd etish joiz, Putinning Yevropaga hujum qilishi haqidagi tahminlar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Kreml bir necha bor bu kabi “asossiz so‘zlar”ni rad etgan bo‘lsa-da, Yevropa muntazam ravishda “kelajakdagi hujum”ga tayyorgarlik ko‘rib kelmoqda.
Live
Barchasi